Latviya universiteti talabalarining 50 foizini xorijliklar tashkil etadi

Samarqand veterinariya meditsinasi institutida Latviya tabiiy fanlar va texnologiya davlat universiteti rektori Irina Pilvere boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘ldi.

Mazkur universitet bilan Samarqand veterinariya meditsinasi instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi 2018 yilda imzolangandi. Ushbu kelishuv doirasida Yevropa mintaqasidagi yetakchi oliy ta’lim muassasasi bilan o‘quv, amaliyot va malaka oshirish borasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu tabiiy fanlar va texnologiya davlat universiteti Latviyaning Yalgava shahrida joylashgan. Yalgava mamlakat poytaxti Rigadan 40 kilometr uzoqlikdagi Liyelupe daryosi sohilidagi kichik tarixiy shaharcha. Mazkur ta’lim muassasasi mamlakatdagi qishloq xo‘jaligi uchun mutaxassislar tayyorlaydigan yagona oliy o‘quv yurti sifatida tanilgan.

Universitet rektori Irina xonimning so‘zlariga ko‘ra, ta’lim muassasasi 9 ta fakultetdan iborat. Qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot,  veterinariya meditsinasi, landshaft arxitekturasi, o‘rmon sanoatida biznesni boshqarish va pedagogika yo‘nalishlarida malakali mutaxassislar tayyorlaydi. Universitetda 4000 nafar talaba ta’lim olayotgan bo‘lsa, ularning 50 foizini xorijliklar tashkil etadi.

Gulchehra BERDIYoROVA.