Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mavzuga qaytib: Quruvchilar uchun biznesga aylangan loyiha

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 martdagi qarori asosida “Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi”ga 50 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratildi. Xususan, ushbu mablag‘ hisobidan shaharning xalq tilida aytiladigan Mikrorayon, Sug‘diyona va Sartepa massivlarida bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari olib borilishi belgilangandi. Rejaga ko‘ra, Sug‘diyona maskanidagi 68 ta ko‘p qavatli uyning tom, yerto‘la, ichki muhandislik tarmoqlari mukammal ta’mirlanishi, ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar obodonlashtirilishi kerak edi. Shuningdek, 11 ta bolalar bog‘chasi, 15 ta sport maydonchasi, 17 ta aholi yig‘inlari uchun ayvon, 3 ta o‘yin maydonchasi va bitta avtoturargoh qurilishi belgilangan. Ajratilgan mablag‘ hisobidan qilingan ishlarni o‘rganib, saytimizda joriy yil 13 iyun kuni “Ko‘p qavatli uylardagi ta’mirlash ishlari nega chala qoldi? Ajratilgan pullar qayerga ketdi” sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilgandik. Afsuski, ta’mirlash ishlariga mas’ullardan bu maqolaga haligacha munosabat bildirilmadi. Maqola chop etilgandan so‘ng uch oy vaqt o‘tdi, hududda qanday o‘zgarish bo‘lganligi bilan tanishish maqsadida yana o‘sha manzilda bo‘ldik.

Quruvchiga mashina olib beradigan loyiha bo‘ldi

Dastlab “Mikrorayon” hududini ko‘zdan kechirdik. Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidagi 8 yo‘lakdan iborat 18-uyda ham ta’mirlash ishlari olib borilgan. Ammo ta’mirlangan devorlar oldida qattiqroq aksa urilsa, yangi suvoqlari to‘kilguday holatga kelgan.

- Pod’yezdlarning hammaga ko‘rinadigan birinchi qavatlari ta’mirlandi, yuqori qavatlarda esa tungi chiroqlar ham yo‘q, ta’mirlanmadi ham, - deydi 18-uy 3-xonadonda yashovchi Shohruh Behbudiy. – Birinchi qavat pod’yezdiga harakatni sezib yonib-o‘chuvchi chiroq o‘rnatilgan, lekin bu chiroq uch oydan buyon kechayu kunduz yonib turadi. Yerto‘ladan hasharotlar chiqyapti, ishlar esa o‘lda-jo‘lda qolib ketdi, tomdan tushadigan yomg‘ir suvlari uchun quvurlar qo‘yildi, ammo suv chiqib ketish yo‘li yo‘q. Quruvchilar ohakka rang qo‘shib uyni bo‘yashdi, uch oy o‘tmasdan uyning rangi o‘chib ketyapti. Uy ta’miridagi kamchiliklar yuzasidan viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasiga bir necha bor murojaat qildim, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham holatni bildirdim, shunda ham ular murojaatlarimni e’tiborsiz qoldirishdi.

Shu uyning 6-xonadonida yashovchi Vladimir Sizikovning xonadonidagi issiqlik quvurlari ulanmasdan qolib ketgan, buning ustiga quvurlarni almashtirishdan so‘ng qavatlar orasida teshiklar ochiq qolgan.

- O‘sha paytda men shu uy boshqaruvchisi edim va uyimiz “Bunyodkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan to‘liq ta’mirlanishi rejalashtirilgandi - deydi Mahfirat Ma’rupova. – Ammo quruvchi har kuni mardikor bozoridan tajribasiz ishchi olib kelib ishlatdi, axir qurilish korxonasida mahoratli ustalar bo‘lmaydimi? Quruvchi har doim uy atrofini obodonlashtirish uchun alohida artezian qudug‘i, bolalar maydonchasi, nuroniylar dam olish joyi qilinishini aytadiyu amalda yo‘q, hattoki smetani ham ko‘rsatmaydi. Uy oldiga yomg‘ir suvlari uchun lotok ariq qilingan ammo suv chiqib ketadigan joy yo‘qligidan yomg‘ir suvlari pod’yezdgacha keladi. Quruvchi bo‘lsa ramazon oyida barcha kamchiliklarni bartaraf etib, xonadon sohiblarining maroqli dam olishlari, bolalar bemalol o‘ynashi uchun munosib sharoit yaratishga va’da bergandi, endi esa bajarilgan ishlardan rozimiz, deb imzo qo‘yib berishimizni so‘rayapti. Ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash loyihasi tufayli quruvchilar mashinali bo‘ldi, biz esa uyimizdagi chala qolgan ishlar qachon va qanday hal etilishini kutyapmiz.

Haqiqatan ham shu uyning ro‘parasida joylashgan 20-uy ta’mirini ko‘rgan kishining havasi keladi. Uyning tashqi ko‘rinishi, balkon, pod’yezdlardagi ishlar, o‘rindiq, dam olish joyi barchasi ko‘ngildagidek bajarilgan. Har ikkala uyga smeta tuzilib, ishlar belgilangan va shunga asosan mablag‘ ajratilgan bo‘lsayu nega unda yonma-yon ikki uyning ta’mir holati ikki xil.

“Mikrorayon” hududidagi 12, 14, 37-uylarning birida pod’yezdning yuqori qavatlari ta’mirlanmay qolib ketgan bo‘lsa, boshqasida uyning bir tomoni umuman ta’mirlanmagan, boshqasida issiqlik tizimi va bolalar maydonchasi yo‘q.

Ali Qushchi ko‘chasidagi 4-uyda ham ta’mirlash ishlari qog‘ozda bajarilgan.

- Pod’yezdlarning kirish qismiga silliq kafel terilgan, bu yerda qor-yomg‘irli kunlarda sirg‘anib ketish xavfini kuchaytiradi, buning ustiga pod’yezdlarning birortasida chiroq yo‘q, - deydi shu uyda yashovchi Tatyana Petrovna. – Bir necha yil oldin shirkat tomonidan asosiy ishlar bajarilgandi, hozir quruvchilar tom, quvurlar va yerto‘lani ta’mirladi. Kirish eshiklari, pod’yezdlar ta’miri va bolalar maydonchasi qolib ketdi. Buni kimdan so‘raymiz, agar shu mablag‘ni shirkatning o‘ziga bersa harholda ishni kimdan talab qilishni bilardik, hozir shirkat bilmaydi, quruvchini esa topib bo‘lmaydi, qish yaqinlashyapti ta’mirlash qachon tugashini bilmaymiz.

Uy boshqaruvchisi Muslima Bo‘latova izohiga ko‘ra, Erkin ismli quruvchi har kuni yollanma ishchilar keltirib o‘z bilganicha uyni ta’mirlagan. Uyni rangi ham mos tushmagan, yangi qo‘yilgan quvurlar osilgancha qolgan, issiq suv quvurlari ochiq qolib ketgan, quruvchidan esa darak yo‘q.

Shirkat quruvchini «oqladi»

Hududdagi “Zulfiya stroy-servis” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati 10 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Lekin ko‘p qavatli uylarning birortasida ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilmagan. Bu holatni shirkat rahbari o‘zgacha izohladi.

- 10 ta uyni ta’mirlash uchun 4 ta qurilish korxonasi biriktirilgan, ammo ular belgilangan mablag‘ning yarmi bilan shuncha ishni bitirdi, tez orada pulning qolgan qismi ajratilsa, ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlanadi. Ya’ni 10 uyning kirish eshiklari to‘liq domofonlar o‘rnatilgan yangi temir eshiklarga almashtiriladi, pod’yezdlar ta’mirlanadi, chiroqlar qo‘yiladi, o‘rindiq va urnalar o‘rnatiladi, uyga kirish yo‘laklari betonlanadi. Ali Qushchi ko‘chasi 6-uy va Taraqqiyot ko‘chasi 45-uy o‘rtasida bolalar maydonchasi, uylarni obodonchiligi uchun alohida artezian qudug‘i, dam olish uchun ayvon quriladi. Ta’mirlash ishlari ortda qolgan Taraqqiyot ko‘chasi 45-uyda tom va eshiklar yangilanadi, pod’yezdlar ta’mirlanib uy to‘liq ranglanadi. Bu uyga jami 204 million so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, hozirgacha 102 million so‘m mablag‘ hisobidan yerto‘la, issiq, sovuq suv, kanalizatsiya quvurlari deyarli to‘liq yangilandi. Mablag‘ning qolgan qismi ajratilsa, ta’mirlash ishlari to‘liq nihoyasiga yetkaziladi.

Yerto‘ladagi hovuz quridi

Avvalgi maqolamizda shirkatga qarashli 8-uy yerto‘lasida suv toshib, badbo‘y hid taratayotganligi haqida yozgandik. Bu uyni ta’mirlash uchun jamg‘arma tomonidan 248 million so‘m mablag‘ ajratilib, uyning katta yo‘lga ko‘rinadigan orqa tomoni to‘liq ta’mirlanishi, yerto‘la, issiq, sovuq suv, kanalizatsiya tizimi yangilanishi, dam olish uchun ayvon, irrigatsiya arig‘i ta’mirlanishi va boshqa ishlar belgilangan. O‘tgan vaqt davomida qanday ishlar bajarilganligi bilan qiziqib yana o‘sha uyda bo‘ldik.

- O‘sha maqoladan keyin birorta mas’ul kelib ahvolni o‘rganmadi, natija bo‘lavermagach, Prezident portaliga murojaat qildik, - deydi 8-uy boshqaruvchisi Sayyora Komilova. – Bir haftadan so‘ng Samarqand shahar hokimligidan Ma’ruf ismli kishi qo‘ng‘iroq qilib, murojaatni yopishni so‘radi, imzo qo‘ymaganimdan so‘ng shirkatimizning sobiq xodimlarini chaqirishdi, ular yerto‘laning suvini quritib, issiq, sovuq suv, kanalizatsiya quvurlarini uch kunda almashtirishdi. Lekin 25-xonadon oldidagi yerto‘laga ulangan chuqur o‘z holicha qolib ketdi. O‘shandan beri hech narsa o‘zgarmadi, quruvchi esa may oyidan buyon kelmaydi. Ish boshida smeta hujjatlarini ko‘rganimizda yerto‘la to‘liq ta’mirlanishi, uyning old va orqa qismi ranglanishi, balkonlarning pastki qismiga tunuka qoplanishi, irrigatsiya arig‘ini to‘g‘rilash, aholi uchun dam olish maskani, bolalar maydonchasi qilinishi belgilangandi. Ammo bu ishlarning yarmi ham bajarilgani yo‘q, 64 ta xonadonning 25 tasida quvurlar to‘liq almashtirildi, xolos.

Quruvchi dastlab ishni boshlaganida Yangi yil bayramigacha tugatishni aytgandi, keyin Navro‘z bayramigacha, dedi, keyin yana yoz faslini va’da qildi, endi yana Yangi yilni kutamizmi? Qish yaqinlashyapti, uy oldidagi irrigatsiya arig‘ining ikki tomoni berk, yomg‘ir suvlari qayerga ketadi, yana yig‘ilib yerto‘laga to‘planadi, buning ustiga uyimiz yaqinidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasining oqova suvi ham shu yerda to‘planadi. Shirkat raisi esa har seshanba kuni “bugun pul chiqadi, ertadan quruvchilar ishni boshlaydi”, deb va’da beradi, ammo natija yo‘q. Uyimizning orqa tomoni, muzqaymoqxona, kafening ovozidan tinch yashab bo‘lmaydi, yana ular binolarini uyimiz tomonga yaqinlashtirib kelmoqda, hattoki, yong‘in chiqsa o‘t o‘chirish mashinasi kirolmay qolgan.

Uylarni ta’mirlash biznesmi yoki...

Yuqorida aytganimizdek, shu uyning qarshisidagi Taraqqiyot ko‘chasi 28-uy risoladagidek ta’mirdan chiqarilgan. Har bir uy ta’miri uchun bajariladigan ishlar deyarli bir xil, aniq qilib belgilangan bo‘lsa-da, ta’mirlangan uylarning holati har xil. Bu ko‘p jihatdan quruvchining tajribasi va vijdoniga bog‘liq. Sohaga mas’ullar esa ta’mir uchun quruvchilarni jalb etishda tanlovni qat’iyroq o‘tkazishlari lozim edi. Shahardagi aholi turarjoylarini ta’mirlash uchun davlat tomonidan ancha katta mablag‘ ajratilgandi. Lekin loyihalashdagi e’tiborsizlik va aholi fikridan ham anglashiladiki, ta’mirlash ishlari kimlar uchundir biznesga aylangan. Eng asosiysi, ko‘p qavatli uyda yashovchilar uchun bolalar maydonchasi va avtoturargoh qurilmagan, ishlarni bajarishda muddatga rioya qilinmasligini aytmasa ham bo‘ladi. Balki aholi aytganidek uylarni ta’mirlashni shirkatlarga topshirib, quruvchilarni biriktirish yaxshi samara berarmidi, har holda ish uchun javob beradigan sub’yekt aniq bo‘lardi.

Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yil 5 sentyabr kuni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham mavsumga puxta hozirlik ko‘rish borasida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Xususan, isitish qozonlari, irrigatsiya ariqlarini shay holga keltirish, aholi ehtiyoji uchun qo‘shimcha talab etiladigan elektr va gaz ta’minotini hisobga olish, mavsum uchun barcha ishni vaqtida bajarish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi. Bu albatta kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir. Berilgan topshiriqlar ijrosidan kelib chiqib ham soha mutasaddilari Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash ishlarini qisqa vaqtda yakunlashlari lozim emasmi?

O‘ktam Xudoyberdiyev,

Baxtiyor Mustanov (foto).