Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Narpay tumanida o‘qituvchilar maktab hojatxonasini tozalashga majburlangani holati karantin yumshatilgandan keyin joyida o‘rganiladi

Internetda Samarqand viloyati, Narpay tumanida o‘qituvchilar maktab hojatxonasini tozalashga majburlangani haqida xabarlar tarqaldi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Nazorat-huquqiy xizmati mazkur ishni o‘rganib chiqadi, deya ma’lum qildi XTV matbuot kotibi.

Samarqand viloyatida karantin tizimi kuchaytirilgani sababli hozirda Nazorat-huquqiy xizmati xodimlarining viloyatga borish imkoniyati mavjud emas. 

Viloyatda karantin tizimi yumshagach, Nazorat-huquqiy xizmati xodimlari Narpay tumaniga borib, vaziyatni o‘rganadi va tegishli choralarni ko‘radi.

Shu o‘rinda, Narpay tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Mirzohid Yo‘ldoshevga nisbatan Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi murojaatiga ko‘ra, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygani uchun qonunchilik doirasida chora ko‘riladi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati Narpay tumanida yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha e’lon qilgan videosida 33-maktab direktori Zuhra Daminovaning fikriga tayanib, tumanda majburiy mehnat holatini OAV vakillariga Xalq ta’limi vaziri Nazorat-huquqiy xizmatining Samarqand viloyatidagi vakili e’lon tarqatgan, degan iddao keltirilgan. 

Mazkur iddaolar noto‘g‘ri ekanligi bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligida dalillar mavjud.