Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oftob urishidan qanday himoyalanish mumkin?

Inson shunday yaratilganki, qahraton sovuqda ham, jazirama issiqda ham uning tana harorati bir xil darajada turadi. Odam organizmi har qanday iqlim sharoitlariga moslashish xususiyatiga ega. O‘zbekiston iqlimiga xos bo‘lgan havoning quruqligi hamda mo‘’tadil esib turadigan shabada tanadan terlash sababli issiqlik ajralishiga va tananing issiq iqlim sharoitiga moslashishiga yordam beradi.

Shuni unutmaslik kerakki, yozning jazirama issig‘i ayniqsa, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari hamda ortiqcha vaznga ega bemorlar salomatligiga salbiy ta’sir qilishi va ularda surunkali kechayotgan kasalliklarning avj olishiga sabab bo‘lishi mumkin. Negaki, issiq iqlimda yuqori harorat sababli organizm ko‘p suyuqlik yo‘qotadi. Natijada yurak-qon tomir tizimi zo‘riqib ishlaydi.

Shuning uchun turli xil noxush asoratlarning oldini olish maqsadida jaziramada o‘z vaqtida to‘g‘ri dam olish va mehnat qilish hamda ovqatlanish tartibiga e’tibor qaratish zarur.

Ma’lumki, jismoniy zo‘riqish tanada issiqlik ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Bu esa tananing yanada qizishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ochiq havoda olib boriladigan jamiki jismoniy mehnat faoliyatini kunning salqinroq vaqtiga (erta tongdan soat 11:00 gacha) yoki kechki salqinga (soat 17:00 dan – 20:00 gacha) mo‘ljallangani ma’qul. Tush vaqti ya’ni, kunning eng issiq vaqtida salqin xonada dam olish maqsadga muvofiqdir.

Kunlik taomnomadagi ovqatlar yengil hazm bo‘ladigan yeguliklardan iborat bo‘lishi kerak. Yog‘lik taomlar hamda shirinliklar tanada energiya hosil bo‘lishini kuchaytiradi va tana qizib ketishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, issiqlik ta’sirida sustlashgan me’da-ichak tizimi faoliyatini zo‘riqtiradi. Jazirama issiq kunlarida suyuq taomlar, ayron, qatiq, kefir kabi sut mahsulotlari, sarxil meva va sabzavotlarni iste’mol qilish lozim. Ular terlash natijasida organizm yo‘qotadigan suv va zarur moddalar, oqsil, vitamin va mineral tuzlar o‘rnini qoplaydi.

Ko‘k choy chanqoqni qondiradi. Uning tarkibidagi vitamin va mineral moddalar insonga kuch bag‘ishlaydi. Bundan tashqari ko‘k choy me’da-ichak yo‘lidagi kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarni nobud etadi. Organizmni dizenteriya (ichburug‘) va boshqa yuqumli me’da-ichak kasalliklaridan himoya qiladi.

Shakarsiz kompotlar, ayron, nordon mevalarning sharbatlari kuchli chanqovbosti ichimliklar bo‘lishi bilan birga terlash natijasida yo‘qotilgan vitamin va mineral moddalarning ham o‘rnini qoplashda yordam beradi. Shirin va quyuq meva sharbatlari (o‘rik, shaftoli va uzum) aksincha chanqoqni kuchaytiradi. 

Limonli choy – dastlab tanani biroz qizdirishi,so‘ngra kuchli terlatishi bilan ancha vaqtgacha tanani isib ketishidan saqlaydi. Shuningdek, organizmning suv va tuz balansini me’yorida saqlanib turishiga yordam beradi.

Turli xil shirin ichimliklardagi sun’iy buyoqlar va turfa rangdagi maza beruvchi qo‘shimchalar hamda shakar chanqoqni kuchaytiradi. Ularni ko‘p iste’mol qilish esa zarardir.