O‘qituvchilar ilk marta davlat tilini bilishi bo‘yicha test topshirmoqda

Prezidentimizning ta’lim sifatini oshirishga doir topshiriqlari asosida Sirdaryo viloyati xalq ta’limi boshqaruv organlari xodimlari, metodistlar va maktab o‘qituvchilarining menejerlik, tegishli fan va davlat tili bo‘yicha bilimlarini aniqlash maqsadida test sinovlariga start berildi, deya xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.
Test sinovlari Guliston shahrining “Alpomish” sport majmuasida grafik asosida 3 smenada o‘tkazilmoqda. Har bir smenaga 600 nafar o‘qituvchilar qamrab olindi.
Hozirgi kunga kelib test jarayonlarida matematika, informatika, iqtisodiy bilim asoslari kabi fan o‘qituvchilari va metodistlari ishtirok etishdi.
O‘qituvchilar 30 ta o‘z mutaxassisligiga yaqin bo‘lgan fandan va 20 ta davlat tili bo‘yicha testlarni 2 soat mobaynida yechishi kerak.
Test sinovlarini joriy yilning 13 oktyabr kuni yakunlash va ushbu jarayonga Sirdaryo viloyati xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan 12500 dan ortiq o‘qituvchi va xodimlarning barchasini qamrab olish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, fan metodistlari, maktab direktorlari va o‘rinbosarlari hamda o‘qituvchilarning ijodkorlikka, yangiliklarga hamda o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga undash maqsadida insho yozishlari rejalashtirilgan.
Fan metodistlari joriy yilning 10-12 oktyabr kunlari, direktor o‘rinbosarlari va barcha o‘qituvchilar o‘zlari faoliyat ko‘rsatayotgan ta’lim muassasalarida darsdan keyingi vaqtlarda insho yozishadi.
Shuni ta’kidlash lozimki, mamlakatimizning boshqa hududlarida faoliyat yuritayotgan xalq tizimi xodimlarini ham bosqichma-bosqich test sinovlaridan o‘tkazish rejalashtirilgan.