Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oydagi to‘qnashuv yoxud Yer yo‘ldoshini o‘zlashtirish nega to‘xtab qolgandi?

Rossiya va AQShning bugun Oyni o‘zlashtirishga yana qiziqib qolgani beixtiyor kishida qator savollar tug‘diradi: O‘tgan asrning 70-yillarida SSSR va AQSh nega bir vaqtning o‘zida kosmik dasturlarini Oyni tadqiq etish va kelajakda uni mustamlakaga aylantirish sari burib yuborishdi. Va… va nega o‘sha loyihalar kutilmaganda to‘xtab qolgan edi?

OYDAGI BIRINChI ODAMLAR VA NUJLAR

2019 yilda dunyo AQSh astronavtlarining Oyga qo‘nganligining 50 yilligini nishonlaydi. Bu insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan jasorat, odamzod aql-zakovatining buyuk kashfiyoti edi. Lekin savol tug‘iladi: nega shu olamshumul voqeadan so‘ng Oyni o‘zlashtirish bo‘yicha NASA ilmiy dasturini uzoq 30 yilga muzlatib qo‘ydi? Axir NASA 1978 yildan 1980 yilgacha Oy atrofi orbitasiga odam yashaydigan stansiya chiqarishni rejalashtirgan, keyinroq 1983 yilda Oyning o‘zida doimiy stansiya bazasini qurishni mo‘ljallagan edi-ku.

Nega Oyda "Zvezda" bazasini qurish bo‘yicha sovet akademigi V.Barmin rahbarligida ishlab chiqilgan loyiha stol tortmasida qolib ketdi?

Agar Oyni o‘zlashtirish bo‘yicha SSSR va AQSh dasturlarining amalga oshmay qolgani haqida rasmiy ma’lumotlarga ishoniladigan bo‘lsa, bu loyihalarni ro‘yobga chiqarish juda qimmatlik qilgan ekan. "Yo‘q, bu asosiy sabab emas", deb yozishadi taniqli mualliflar I.Osovin va S.Pochechuyev o‘zlarining "Oyning maxfiy sivilizatsiyasi" kitobida. "Appolon-10" astronavtlari Oy orbitasidan Yerga 8 ta a’lo darajadagi rangli reportaj uzatdilar.

Savol tug‘iladi: unda birinchi odamlarning Oyga qadam qo‘ygani qayd etilgan tasvirlar nega oq-qora va o‘ta xira edi? Nimadir xalaqit berdimikan? Nega?

…2006 yilda VVS telekanalida shov-shuvga sabab bo‘lgan hujjatli film namoyish etildi. Unda dunyoda ikkinchi bo‘lib Oyga qadam qo‘ygan Edvin Oldrin "Appolon-11" ekipaji kutilmaganda NUJ-noma’lum uchuvchi jism bilan to‘qnashgani haqida so‘zlab berdi: "…ob’yekt bir-biriga ulangan ikkita ellips yoki qo‘ng‘iroqqa o‘xshardi… chamasi bir soat davomida "Appolon-11"ni ta’qib etdi".

"OYPARAST"LAR HAQIDA  GUVOHLAR KO‘PAYMOQDA

Sal bo‘lmasa falokat bilan tugayozgan Oy ekspeditsiyasi ishtirokchisi Jon Svaygret 10 yil o‘tib, shunday xotirlagan edi: "Appolon-13" ekspeditsiyasi jarayonida biz stakan shaklida oq-sariq ob’yektni ko‘rdik. Uning ikki tomoni o‘tkirlangan qalamga o‘xshardi. Bu g‘alati ob’yekt "yuvoshgina" ko‘rinardi, na u yoqqa, na bu yoqqa qimirlamasdi. "Appolon-13"dan 100-150 metr narida go‘yo bizni tomosha qilardi. So‘ngra xuddi momiq bulutga o‘xshab tusini o‘zgartirdi va o‘zidan oppoq nur yo‘naltirdi. "Appolon-13" kosmik kema illyuminatori xuddi sut sepilganday oqarib, u orqali hech narsani ko‘rib bo‘lmay qoldi. Kutilmaganda ob’yekt qizil nur chaqnatdi, astronavtlar sarosimaga tushib qolishdi, asosiy kislorod idishi portladi. Kema komandiri Jeyms Louell muzlab qolgan komanda xizmat bo‘lmasiga o‘tib, pult orqali Yerga - uchishni boshqarish markaziga joy tayyorlab, kemani qo‘ndirishga ruxsat so‘ramoqchi bo‘lganida pult ishdan chiqqan, bo‘lma ag‘dar-to‘ntar bo‘lib yotardi. Bo‘lmada kimdir bo‘lgan edi. Ammo kim, qayerdan kirgan? Axir lyuk mahkam yopiq edi-ku!

Bundan ham shov-shuvli voqea 2008 yil 23 iyulda ro‘y berdi. 1971 yil fevralda "Appolon-14" ekipaji tarkibida Oyda bo‘lgan Edgar Mitchell o‘z intervyusida o‘zga sayyoraliklar mavjudligini ochiq aytdi. Ammo hukumat ularning Yerga tashrifini yashirayotganini ta’kidladi. 77 yoshli Mitchell kelgindilar bilan aloqada bo‘lgan NASA xodimlari ularni "Bizga o‘xshash, ammo mitti odamlar" sifatida tasvirlaganini aytdi.

- Men sayyoramizga NUJlar tashrifining guvohi bo‘lganimdan baxtiyorman. Bu haqiqat, - deydi Edgar Mitchell. - Ammo keyingi 60 yildan ko‘proq vaqt davomida hukumat, harbiy mahkamalar vakillari buni bilishsa-da, negadir ommadan sir tutib kelishmoqda. Lekin biz baribir chinakam o‘zga sayyoraliklar bilan yuzma-yuz uchrashadigan dam kelishi aniq. 1947 yilda Amerikaning Rozell shahri yaqinida o‘zga sayyoraliklar halokatga uchragani ham haqiqat. AQSh harbiylari kelgindilarning jasadi, kemasi qoldiqlarini olib ketib, sir saqlashgan. Ommani harbiy samolyot halokatga uchradi, deb chalg‘itishgandi.

Ushbu tadqiqotlarda eng qizig‘i, astronavtlar Oy o‘zga sayyoraliklar tomonidan bizni kuzatish, olis sayyoralarga parvoz chog‘ida qo‘nib uchish uchun, Yer atrofida aylanish uchun qoldirilgan qadimiy va maxfiy yashaladigan kosmik kema degan taxminni inkor etishmaydi. Savol tug‘iladi: NUJlar va "Oyparastlar" haqida bevosita Yer yo‘ldoshi - Oyda bo‘lgan odamlarga ishonmay, kimga ishonish mumkin?

Agar shunday bo‘lsa, yerliklarning Oyni o‘zlashtirishga urinishi yaxshilik bilan tugamaydi... Yana kim biladi deysiz.

"Mir novostey" (2018 y.

47-son)dan qisqartirilgan holda T.ShOMURODOV

tarjimasi.