Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbeklar jasorati va matonatini aks ettirgan film

Kecha soat 19:40 da yurtimizning 11 ta davlat va nodavlat telekanallarida «O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan “Ilhaq” badiiy filmi premerasi bo‘lib o‘tdi.

Rejissyor Jahongir Ahmedovning Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq real voqealar asosida ishlagan kartinasini ta’sirlanmasdan, hayajonlanmasdan ko‘rgan odam bo‘lmasa kerak. Muhimi, mazkur badiiy film bir vaqtning o‘zida 10-15 million kishini (balki undan ham ko‘proqdir) bir xil hayajon, hissiyot bilan teleekran qarshisiga mixladi. Film tugagach, ijtimoiy tarmoqlarda kino muxlislarining minglab munosabatlari, postlari o‘rin oldi. Quyida ularning ayrimlari bilan tanishasiz.

Erkin Ismatov:

- «Ilhaq»ni zo‘r ishlashibdi. Aktyorlar ham o‘z rollariga professionallik, mahorat bilan yondashgan. Durdona film. Bunday filmlar, albatta, kerak. Bolalarimiz ko‘rsin faqat filmlardan, o‘qisin faqat kitoblardan, eshitsin faqat bobolardan. Ammo hech qachon ishtirokchisi bo‘lmasin, bo‘lmaylik. Yashirmayman, kinoni ko‘rib ko‘zim yoshlandi. Ayniqsa, kenja o‘g‘ilning akalari va ularning oilasini o‘ylab, urushga bormoqchi bo‘lgani, kelinlari qaynonasining ruxsatiga qaramay uyda qolishi, rus kishisining film oxirida «O‘zbekmisan, kel bir bag‘rimga bosay!» deyishidan titrab ketdim.

Nazokat Xolmetova:

- Zulfiya ona obrazi va nogiron pochtachi bola juda yaxshi ochib berilgan. Onaning kelinlar oldida sir bermay, daryoga borib yig‘lashi orqali haqiqiy o‘zbek ayolining sabr-bardoshi ko‘rsatib berilgan.

Beliga belbog‘ bog‘lagan kelinlar, umuman, belbog‘ yaxshi topilma bo‘libdi.

Melisni ko‘ra turib, «Ufq» romanidagi Tursunboyni yana bir bor ko‘rganday bo‘ldim.

Zulfiya Halimova:

- Yurakni junbushga keltiradigan kino bo‘libdi. Oxirigacha ko‘zimda yosh bilan ko‘rdim. Tinchlikning qadriga yetish uchun bunday yuksak saviyali kinolarni ko‘proq tayyorlash kerak.

Surayyo Qodirova:

- Va nihoyat yana o‘zbek kinosida yillar sinoviga dosh beradigan, "Suyunchi", "Mahallada duv-duv gap",  "Kelinlar qo‘zg‘oloni" kabi kino yaratilibdi. Ofarin, bo‘larkan-ku! O‘sha davr ruhini bera olishgan. Ajoyib! Bizning kinomatograflar mahorati, imkoniyati chet elnikidan kam emas. Raqobatbardosh kino bo‘libdi.

  - “Ilhaq” hamma ilhaq bo‘lib kutganiga arziydigan kino bo‘libdi, - deb yozadi @xolisfikr. - Juda qisqa vaqt ichida sifatli kartina yaratilgan. Xo‘p, filmning yutuqlari nimada?

Voqealar ishonarli, muhit tabiiy, ijro mahorati yuqori. Uning dastlabki kadrlaridanoq, film ichiga kirib ketasiz. Qahramonlar dardi sizniki bo‘lib qoladi. Ularga qo‘shilib quvonasiz, qayg‘urasiz. Chunki ssenariy ortiqcha bo‘yoqlar, qizil gaplardan xoli, aktyorlar ijrosida sun’iylik sezmaysiz, rassom urush yillarini liboslardan tortib, sahnalargacha jonlantirib qo‘ygan, musiqa ta’sirchanlikni yanada oshirgan.

Mushfiq ona va uning to‘rt kelini obrazlari irodasi metindek mustahkam o‘zbek ayollarining chinakam qiyofasini ochib bergan. Ular boshiga shuncha dard-sitam tushgan bo‘lishiga qaramay, uvvos solib yig‘lamaydi. Sochini yoyib, ayyuhannos qilmaydi, yuzlari timdalab bo‘kirmaydi ham. Ich-ichidan yig‘laydi.

Urush sahnalari ham ishonarli. Qurol-aslahalarni ishlatish, o‘q yomg‘irlari yog‘dirilishi, askarlarning jon taslim qilishi — bularning bari urush dahshatlarini ko‘z oldingizga to‘laqonli gavdalantirgan.

Filmda juz’iy kamchiliklar ham uchraydi, albatta. Masalan, voqealar rivoji, xususan, jang sahnalarida fashistlarning qo‘li balandligi sezilib turibdi. Ularni yengayotganimiz, g‘alabaga yaqin qolinganiga hech qanday ishora yo‘q. Kichik o‘g‘il Yusufjonning hokini olib kelish uchun qo‘shilgan sahnalar, menimcha, ortiqcha. Film mantiqan g‘alaba e’lon qilinib, qaynona kelinlarini yoniga olganida tugagan.

Yusufjonning sevgilisining esidan og‘ib qolish sahnasi ochib berilmagan. Vaziyat yetiltira olinmagani vajidan ijro ham ko‘ngildagidek emas. Urushga ketish ishtiyoqida yurgan rais o‘g‘lining qochib qochib qolishi ham g‘alati. Xotin-xalajning etak taqib, faqat olmazorda yurishi esa notabiiy. Aftidan, paxtazor topisholmagan...

Xullas, “Ilhaq” nafaqat urush haqida hikoya qiluvchi, balki o‘zbek millatining matonati, irodasi va qahramonligi haqida kuylovchi ajoyib film. Bu o‘zbek kino ijodkorlarining yutug‘i.

A.Bo‘riyev tayyorladi.