«Avloniy» filmi premerasida Behbudiyning abirasi film ijodkorlariga minnatdorchilik bildirdi

Bugun «Sharq yulduzi» kinoteatrida «O‘zbekkino» milliy agentligi tomonidan suratga olingan «Avloniy» badiiy filmi premerasi bo‘lib o‘tdi.

Yaqinda Toshkentda mazkur filmning ilk premerasi o‘tkazilgan va talaygina bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi. Filmning Samarqanddagi taqdimotida joy yetmagani uchun qo‘shimcha o‘rindiqlar olib kirildi, zal tomoshabinlarga to‘ldi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning «Qaldirg‘och» asari asosida ishlangan film namoyishidan so‘ng kinoijodkorlar bilan uchrashuv qizg‘in savol-javoblar bilan o‘tdi. Rejissyor Muzaffar Erkinov, aktyorlar Abror Yo‘ldoshev, Anvar Kartayev, Bekzod Mirzayevlar filmni olish jarayonidagi holatlar, qiyinchilik va murakkabliklar hamda film olinishidan ko‘zlangan maqsad xususida to‘xtaldi.

Kino haqida tomoshabinlardan biri, Shohruh Behbudiy (M.Behbudiyning abirasi) so‘zga chiqib, jadidlar haqida olingan film uchun kinoijodkorlarga minnatdorchilik bildirdi.

Premerada viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.

***

«Avloniy» filmi haqidagi taassurotlar, uning mohiyati xususida batafsil to‘xtalamiz.

G.MO‘MINOVA.