Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘shrabotda «mayizxo‘r» talonchilar qo‘lga olindi

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani, Oqmachit qishlog‘ida yashovchi N.B. 7 oktyabr kuni o‘z boshqaruvidagi “Labo” rusumli avtomashinaga 20 qop mayizni yuklab, Navkat mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi yo‘lda ketayotganda kutilmaganda transport vositasi pand berdi. U o‘z-o‘zidan motori o‘chib qolganiga aqli yetmay, shu yerda biroz qolib ketdi. Vaqt 02:30ga yaqinlashganida uzoqdan yaqinlashib kelayotgan mashinani ko‘rib, uning chehrasi yorishdi. Ko‘mak olish umidida mashina tomon tinimsiz qo‘l ko‘tarib to‘xtashiga ishora qildi.

Mashina yaqinlashib to‘xtadi. “Kobalt” rusumli avtomashinadan ikki noma’lum shaxs tushib, hech bir so‘z demasdan, N.B.ning oldiga yaqinlashdi va uni savolga tutdi. Keyin esa N.B.ning turli joylariga urib ketishdi. Xullas, talonchilar N.B.ga jiddiy jarohat yetkazib, 20 qop mayizni mashinaga ortganicha voqea joyidan yashirinishdi.

Jabrlanuvchi o‘ziga kelib, tezda bu haqda ichki ishlar organiga murojaat qildi. Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Qo‘shrabot tumanining  Yangiqishloq qishlog‘ida yashovchi E.D. va N.N. sodir etgani aniqlanib, ular qo‘lga olindi.

“Postda” nashrining xabariga ko‘ra, ayni paytda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari davom etmoqda.