Sartepa maskanida talonchilik sodir etgan ikki yigitga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Joriy yilning 15 dekabr kuni Sartepa maskanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan Sh. Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 2-son IIBga ariza bilan murojaat qilib, 2020 yil 14 dekabr kuni soat 19:30 larda Samarqand shahar Sartepa maskanida unga oldindan tanish bo‘lmagan ikki nafar noma’lum shaxslar uning yuz sohasiga urib tan jarohati yetkazgan va uning yonida bo‘lgan bir dona “IPHONE-11 Pro MAX” rusumli telefon apparatini va bir dona “Aplle iwatch-4” rusumli soatini, umumiy bahosi 1.000 AQSh dollariga teng bo‘lgan mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashiringanini ma’lum qilgan.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB PPXB 3-otryadi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni Bulung‘ur tumani O‘zbekiston ko‘chasida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan A.S. va Ishtixon tumani Sheyxlarkent mahallasida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan J.Sh.lar sodir etganligi aniqlanib, ulardan daliliy ashyolar hujjatlashtirib olingan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 166-moddasi (talonchilik) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.