Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rossiyada O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan mikroavtobus YTHga uchragani haqida ma’lumot berildi

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi ma’lum qilishicha, 2019 yil 5 sentyabr kechasi Ryazan oblastining Mixaylovsk tumani hududidagi M-5 (P22 «Kaspiy») trassasida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan mikroavtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik Sh.Y. voqea joyda vafot etgan, 7 nafar vatandoshimiz turli tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Ulardan biri reanimatsiyada, ahvoli o‘rtacha. Qolgan jarohatlanganlarning ahvoli xavf ostida emas.

Hozirda elchixonaning Konsullik bo‘limi vaziyatni nazoratga olgan va mahalliy hokimiyat va shifokorlar bilan aloqa o‘rnatgan, O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi bilan birgalikda hamyurtimiz jasadini vatanga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan va eslatib o‘tishicha, Rossiyaning Markaziy federal okrugi (Belgorod oblasti, Bryansk oblasti, Vladimir oblasti, Voronej oblasti, Ivanovo oblasti, Kaluga oblasti, Kostroma oblasti, Kursk oblasti, Lipetsk oblasti, Moskva shahri, Moskva oblasti, Orlov/Oryol oblasti, Ryazan oblasti, Smolensk oblasti, Tambov oblasti, Tver oblasti, Tula oblasti, Yaroslav oblasti) va Armaniston hududidagi fuqarolar zarur vaziyatlarda Moskva shahridagi elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: : +7 499 230-00-76, +7 499 238-36-20.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Ryazan viloyatida olti nafar O‘zbekiston fuqarolari YTHga uchragani haqida xabar berilgan edi.