Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Samarkand Silk AO” xorijga qariyb million dollarlik mahsulot chiqardi

Samarqand viloyatining Narpay tumani hokimligi bergan axborotda qayd etilishicha, 2019 yilning 1 avgust holatiga tumandagi eksport qiluvchi korxonalar soni 16 taga yetgan. Ushbu korxonalar tomonidan 4 million 3 ming AQSh dollarlik sanoat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportga chiqarilgan.

Tumanda yetishtiriladigan ipak qurtini yig‘ish va qayta ishlash hamda yarim tayyor mahsulotni eksportga chiqarish maqsadida “SAMARKAND SILK AO” korxonasi tashkil qilingan. Korxonaga qiymati 1,5 million dollarlik zamonaviy standart talablariga mos keladigan ipak qurtini qayta ishlash va tola ishlab chiqaruvchi uskunalar o‘rnatilgan. Natijada bu yerda 70 ga yaqin yangi ish o‘rini yaratilgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida korxona tomonidan 978 ming dollarlik mahsulotlar Eron hamda Xitoyga eksportga chiqarilgan.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish borasida tashlandiq va samarasiz foydalanib kelinayotgan jami 280 gektar yer maydonida “INNOVASIYON BOGLARI” fermer xo‘jaligi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Xo‘jalik a’zolari mavjud 130 gektar maydondagi uzumzorga yana qo‘shimcha 150 gektar yangi tokzor barpo etgan. Natijada joriy yilning o‘tgan davrida 1 million 306 ming dollarlik uzum eksporti amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, tumanda 554 gektar (shundan 234 gektar yangi) tokzor mavjud. 1036 gektar maydonga sabzavot, 89 gektar maydonga poliz, 499 gektar maydonga dukkakli ekinlar ekilgan.

Ushbu ekinlar hosilidan 22,5 ming tonna, qiymati 1 million 370 ming dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirib, eksportga chiqarish bo‘yicha aniq hisob-kitoblar ishlab chiqilgan.

Bugun tumanda 5690 gektar g‘alladan bo‘shagan maydonning 1800 gektarida takroriy ekinlar ekilgan bo‘lib, hosil (mosh)ni eksportga chiqarish belgilangan. Buning uchun tumanda umumiy hajmi 2750 tonnaga mo‘ljallangan 7 ta muzlatkichli omborxona ishlab turibdi. Yil yakuniga qadar ushbu muzlatkichli omborxonalar sonini yana uchtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan.