Samarqand shahrida 407 ta korxonaning ijara to‘lovlari va undirilishi vaqtincha to‘xtatilgan

Shahar hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 418 ta turizm sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga yer solig‘idan 668,9 million so‘m, mulk solig‘idan 514,9 million so‘m hamda ijtimoiy soliqning 12 foizdan 1 foizga pasayishi hisobiga 838,5 million so‘mlik soliqlardan imtiyozlar qo‘llanilgan.
55 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrda tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun qo‘llaniladigan 5,1 milliard so‘mlik jarimalar to‘xtatilgan.
113 ta umumiy ovqatlanish korxonalariga tegishli 124 ta shoxobchalar bo‘yicha alkogol mahsulotlarini chakana sotish uchun o‘rtacha bir oylik yig‘im miqdori 31,9 million so‘mga, ya’ni belgilangan miqdorlardan 25 foizga kamaytirilgan.
Shuningdek, 407 ta korxonaning ijara to‘lovlarining hisoblanishini va undirilishini vaqtincha to‘xtatish masalasidagi murojaatlari ko‘rib chiqilib, 251 million so‘mlik ijara to‘lovlari hisoblanishi to‘xtatilgan.
Tovarlarni realizatsiya qilish aylanmasi oyiga 1 milliard so‘mdan oshmaydigan va elektron hisob-fakturalarni qo‘llaydigan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi 653 ta sub’yektlarga 14,6 milliard so‘m soliqlarni choraklik to‘lash huquqi berilgan.
Bundan tashqari, 175 ta sub’yektlarga nisbatan hisoblangan soliqlar ularning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari bo‘yicha oshirilgan stavkalarni qo‘llash natijasida yuzaga kelgan 22,9 milliard so‘m qarzdorlikka nisbatan penya hisoblash va majburiy undirish choralarini ko‘rish to‘xtatilgan.
5 527 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jami 514,9 million so‘mlik (bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga qadar) ijtimoiy soliq summasi kamaytirilgan.
Karantin davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan 1 680 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun 681,7 million so‘mlik jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i qat’iy belgilangan summasi va 374,6 million so‘mlik ijtimoiy soliqni hisoblash to‘xtatilgan.
Tijorat banklari tomonidan 2 742 ta yuridik korxonalarning 454,3 milliard so‘mlik bank kreditlari (6 oylik davrdagi to‘lov grafigi bo‘yicha) to‘lash muddati uzaytirilgan.
Shuningdek, 73 ta tadbirkorlik sub’yektlariga tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan 20,3 milliard so‘m moliyaviy yordam ko‘rsatilgan.