Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand tumanida import kamayishi va eksport ortishi uchun nima ishlar qilindi?

Tumanda joriy yilda qiymati 470,3 milliard so‘m bo‘lgan 86 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning natijasida 974 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyida 161,6 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 50 ta loyiha ishga tushirildi va 587 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Xususan, qishloq ho‘jaligi yo‘nalishida 66,7 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 25 ta loyiha amalga oshirildi, 182 kishining bandligi ta’minlandi. Sanoat yo‘nalishidagi 16 ta loyiha doirasida 86,6 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 306 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 46 kishi ish bilan ta’minlanib, 9 ta loyiha uchun 8,3 milliard so‘m investitsiya kiritildi.

Investitsiya dasturlarining amalga oshirilishi natijasida tumanda ilgari bo‘lmagan sanoat mahsulotlari tayyorlash va xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, “Sam Rafoat Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati 43,7 milliard so‘mlik loyihani amalga oshirdi. Korxonada joriy yilning may oyidan buyon 96 kishi momiq sochiqlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda. Korxona yiliga 200 ming metr kub miqdordagi mahsulotlarini ichki bozordan tashqari, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Polsha Respublikalariga eksport qilishni rejalashtirmoqda.

“Dastbakor Baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyatida refrejeratorli plastmassa quvurlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda qiymati 3,1 milliard so‘mlik loyiha doirasida 17 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, yiliga 50,0 ming pogonometr plastik quvurlar tayyorlanmoqda. Ahamiyatlisi, ushbu korxona mahsulotlarining ham bir qismi eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan. Buning uchun Tojikiston va qozog‘istonlik hamkorlar bilan kelishuvlarga erishilgan.

Shu paytga qadar tumanning parrandachilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlari ozuqani Qozog‘iston Respublikasidan ikki barobar qimmat narxlarga olib kelgan. Endilikda bunday ozuqa “Gafurov-S bog‘lari” fermer xo‘jaligida tayyorlanmoqda. Jami 3,2 milliard so‘m mablag‘ sarflangan ushbu loyiha doirasida 15 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan korxonada bugun yiliga 5200 tonna parranda ozuqasi tayyorlanmoqda.

Ayni paytda mahsulotga Rossiya Federatsiyasi va Tojikiston Respublikasidan ham buyurtmalar qabul qilinmoqda.

Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati.