Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda elektr energiyasi ta’minoti tizimida qator qonunbuzarliklar aniqlandi

Prokuratura organlari tomonidan Samarqand shahar elektr tarmoqlari korxonasida O‘zbekiston Respublikasining qaror va farmoyishlari, viloyat hokimligining qaror hamda topshiriqlari ijrosi o‘rganilganda qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Xususan, Samarqand shahar elektr tarmoqlari korxonasining mansabdor shaxslari 2019 yil davomida elektr hisob nazoratining avtomatlashtirilgan tizimiga o‘tkazilgan 1288 nafar aholi iste’molchilarining 1 milliard 984 million so‘m, 172 ta ulgurji iste’molchilarning 722,6 million so‘m, umumiy hisobda 2 milliard 707 million so‘m qarzdorligi uchun tarmoqdan uzilgan jami 1460 ta iste’molchilar mavjud qarzdorliklarni bartaraf qilmagan.

Shunday bo‘lsa-da, tizimdan foydalanish uchun berilgan 14 ta login-parollar yordamida qarzdor iste’molchilar tarmoqqa noqonuniy tarzda ulab berilganligi sababli joriy yil 23 yanvarda viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi va 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, 205-moddada hokimiyatni yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z mansab vakolatlaridan qasddan foydalanishi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘ladigan holatga nisbatan javobgarlik belgilangan.

Ushbu moddaning 1-qismiga ko‘ra, javobgar bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mansabga sovuqqonlik bilan qarash, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 207-moddasi bilan malakalanadi.

Ushbu moddaning 1-qismi bilan javobgarlikka tortilgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Viloyat prokuraturasi axborot xizmati.