Samarqandda kasaba uyushmasi MChJdan to‘lanmay qolgan 40 million so‘m oylik ish haqlarini undirib berdi

Ko‘pchilik yurtdoshlarimizning nafaqat o‘zi ishlayotgan joyda kasaba uyushmasi, balki huquqlarini himoyalaydigan shunday tashkilot borliginiyam bilishmaydi. Bilganlari esa telefon orqali, og‘zaki va yozma qator murojaatlar kelib tushadi.
Murojaatlarning asosida o‘tgan davr mobaynida 20 dan ortiq kishining manfaatlari tiklandi.
Xususan, Samarqand shahridagi 129-avtokorxona mas’uliyati cheklangan jamiyati tugatilgandan so‘ng 40 million so‘mdan ortiq ish haqlari to‘lab berilmagan. Viloyat kasaba uyushmalari birlashmasiga kelib tushgan bu murojaat o‘rganilib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo ariza kiritildi. Natijada sud qarori bilan fuqarolarning manfaatlari tiklandi.
M.Ametova Samarqand shahridagi “Pardozlash ishlari boshqarmasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida kasb kasalligiga chalinib, 2-guruh nogironi bo‘lib qolgan. U korxona tomonidan kechikib to‘lanayotgan kompensatsiya to‘lovlarini undirib, berish, davolanib sog‘ligini tiklash uchun moddiy yordam va sanatoriy yo‘llanmasi ajratishni so‘rab murojaat qilgan. O‘rganish davomida ortiq kompensatsiya va moddiy yordam pullari undirib berildi va korxona hisobidan sanatoriy yo‘llanmasi ajratildi.
Chelak transport kasb-hunar kollejida ishlagan T.Sattorov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng foydalanilmagan mehnat ta’tili va kompensatsiya to‘lovlari to‘lab berilmagan. Uning bu haqda qilgan murojaati o‘rganilib, Mehnat kodeksi talablari buzilganligi aniqlandi va bu haqda kollej direktori nomiga taqdimnoma kiritildi. Natijada T.Sattorovning manfaatlari tiklandi.
Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti o‘qituvchisi, 2-guruh nogironi, yolg‘iz ona R.Boliyeva dars soatlari 0,25 stavkaga tushib qolganligini bildirgan. Kafedra va institut ma’muriyati ko‘magida uning dars soatlari 0,75 stavkaga oshirib berildi.
Sirojiddin IZZATULLAYEV,
O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloti tashkilotlari birlashgan qo‘mitasi raisi.