Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qonunchilik palatasi va sog‘liqni saqlash tizimi hamkorligi nimalarda ko‘rindi?

Ambulator karta izlab yurmaysiz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida har bir viloyatda namunali birlamchi tibbiyot muassasalari tashkil etish hamda unga qo‘yiladigan talablar yuzasidan seminarning navbatdagisi Samarqandda o‘tkazildi.

Seminar avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Pardayev Samarqanddagi tibbiyot muassasalaridagi ish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Xususan, Samarqand shahridagi 4-oilaviy poliklinikada tashkil etilgan shart-sharoitlar, xususan, elektron poliklinika xizmatini ko‘zdan kechirdi.

- Poliklinika binosi ilgari zax, qorong‘i xonalardan ibora edi, - deydi Kattaariq mahallasida yashovchi 73 yoshli Zuhra G‘ulomova. – Hozir birinchi tekshiruv uchun hamma asboblar bor. Zamonaviy, chiroyli xonalar ko‘ngilni ko‘taradi.

Aholi poliklinikaga kirishdanoq, birinchi navbatda, ro‘yxatxonada ambulator kartasini izlashiga to‘g‘ri kelardi. Hozir bu holat birmuncha o‘zgargan.

- Endilikda poliklinika xizmatidan foydalanuvchi har bir kishining sog‘ligi haqidagi ma’lumotlari kompyuterga kiritilgan, - deydi registrator N.Fayziyev. – Biror vrach qabuliga kelmoqchi bo‘lganlar elektron tizimga kirib, oldindan navbat olishi mumkin. Aholi bu qulaylikka allaqachon o‘rgandi. Ortiqcha asabbuzarlik, vaqt ketkazishlar kamaydi.

Jomboyda ham elektron poliklinika tashkil etildi

Samarqanddagi 9-oilaviy poliklinika qaytadan qurilmoqda. Poliklinika bosh vrachi A.Saidovning aytishiga qaraganda, buning uchun mahalliy byudjetdan 4 milliard 300 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan. Kelgusi yil may oyida topshirilishi kerak bo‘lgan muassasani muddatidan oldin, shu yilning oxirida foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.

Elektron poliklinika tizimi, shuningdek, Jomboy tumanidagi 4- qishloq oilaviy poliklinikasida ham tashkil etildi. Viloyatdagi tibbiyot muassasalari rahbarlari mazkur tajriba bilan tanishar ekan, kelgusida bu tizimni o‘z tumanlarida ham joriy etish haqida o‘ylashdi.

Vrachlarning qabul kunlari barcha poliklinkalarda elektron tarzda ilib qo‘yilganini kuzatish mumkin. Ammo shahar poliklinikalari bilan bir qatorda, qishloq oilaviy poliklinikasida ham ro‘yxat rus tilida yozilgan.

300 ta operatsiya amalga oshirildi, navbatda 3,5 mingta bemor bolalar

Seminarning asosiy qismi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘lib o‘tdi. Ushbu markazda tashkil etilgan kardioxirurgiya bo‘limida shu yilning o‘zida 300 dan ziyod yurak operatsiyalari o‘tkazilgan.

- Ushbu bemor bolalarning 40 foizi operatsiya qilinmasa, ularning hayoti xavf ostida qoladi, - deydi markaz bosh shifokori M.Azizov. – 2018 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan ushbu bo‘lim tashkil etilgach, zarur barcha uskunalar keltirildi. Asli samarqandlik, Moskvadagi Bakulev nomli shifoxonada ish boshlagan mutaxassislar Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasi xodimlari ko‘magida Samarqandda ish boshladi. Operatsiyalarning 80 foizi mahalliy hokimliklar va turli fondlar yordamida amalga oshirilmoqda. Kelgusi yildan boshlab bir yilda mingta shunday operatsiyani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu yaqin ikki-uch yilda hozirgi 3,5 ming kishilik navbat kuzatilmaydi deganidir. Qolaversa, kelgusi yildan chaqaloqlar kardioxirurgiyasi bo‘limi ochilishi ham rejalashtirilgan bo‘lib, bu holat go‘daklar o‘limi sonining kamayishida muhim ahamiyatga ega.

- Qariyb 500 ming kishi faqat davlat tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida faoliyat ko‘rsatadi, - dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov. - Bu aholi salomatligini asrashdek muhim yo‘nalishni o‘z ichiga olgan juda katta tizim. Qonunchilik palatasi deputatlari, sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislarining hududlarga chiqishining yo‘lga qo‘yilishi sohadagi bir qator muammolarning qalqib chiqishi hamda uni yechimiga oid qarorlar qabul qilinishiga olib keldi. Birlamchi tibbiyot tizimini xalqqa yanada yaqinlashtirish, aholiga qulaylik yaratish maqsadida tor mutaxassislar xonalarini hududlarda tashkil etilgan oilaviy poliklinikalarda tashkil etish shular jumlasidandir. Tizimni yanada rivojlantirish, bu borada aholi fikrini o‘rganish lozim.

Gulruh MO‘MINOVA.