Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ta’lim sifati va samaradorligini oshirish uchun takliflar bor

Bugun xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining navbatdagi sessiyalari bo‘lib o‘tmoqda.

Unda asosan davlatimiz rahbarining “Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokama qilinyapti.

Xalq deputatlari Samarqand tumani Kengashida mazkur masala yuzasidan tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zebuniso Shodiyevaning hisoboti tinglandi.

- Chuqur bilim va hayotiy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, intellektual rivojlangan o‘g‘il-qizlarni tarbiyalash, pirovardida, yurtimizning qisqa muddatlarda rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishini ta’minlashda maktabgacha va maktablarda berilayotgan ta’lim-tarbiyaning sifati hamda samaradorligi nihoyatda muhim o‘rin tutadi, - deydi Z.Shodiyeva. - Shu jihatdan qayd qilingan farmon loyihasiga keng jamoatchilik befarq bo‘lgani yo‘q.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, pedagoglar va ota-onalarning farmon loyihasi yuzasidan 100 ga yaqin takliflari umumlashtirildi. Ular komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, qonunchilik texnikasi va boshqa talablarga mos takliflarning 50 ga yaqini saralab olindi.

Agar e’tibor qilinsa, farmon jamiyat hayotida o‘qituvchilarning obro‘sini oshirish, ularning daxlsizligini ta’minlash, ya’ni xizmat vazifalariga bevosita kirmaydigan har qanday ishlardan ozod etish, shuningdek, ularni qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi choralarni belgilashga qaratilgan.

Shu ma’noda fan olimpiadalarida g‘oliblik (oltin, kumush, bronza medali)ni qo‘lga kiritgan umumta’lim muassasalari pedagoglariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy malaka toifasi berilishi ko‘zda tutilyapti. Bizda ishlab chiqilgan taklifga ko‘ra, o‘quvchilari respublika fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan (1-3 o‘rinlar) o‘qituvchilarining malaka toifalarini bir pog‘onaga ko‘tarish kerak. Bunday o‘zgartish o‘qituvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yaratilishi, pedagog xodimlarning sifat tarkibini yaxshilashga xizmat qiladi.

Sessiya davomida farmon loyihasiga bildirilgan bu kabi takliflar atroflicha muhokama qilinib, deputatlar tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.