Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Tadbirkor» investorni tunadi

Yurtimizda xorijiy investitsiyalarni jalb etish, investorlarga sharoitlar yaratish borasida qator ishlar amalga oshirilyapti. Biroq ayrim «tadbirkorlar» hududlarga investitsiya kiritayotgan, aholiga yangi ish o‘rni yaratayotgan, iqtisodiyotimizning rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan sarmoyadorlarga ko‘mak berish, qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ulardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishni ko‘zlamoqda.

Xitoy davlati fuqarosi, investor Lyu Sijun ham viloyatimizga, xususan, Ishtixon tumaniga kelib, bu yerdan Xitoyga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali hududga investitsiya kiritish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni niyat qilgan edi. U shu maqsadda “Long Jiang” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etdi.

Mavjud qonunchilikka ko‘ra, mazkur korxonaga shu yerlik tadbirkor ham jalb qilinishi kerak. Shu bois u «tadbirkor» Izzat Ibodullayev (ism-familiya o‘zgartirilgan) ni korxona direktori bo‘lishiga rozilik beradi. Xitoylik investor ishonchiga kirgan I.Ibodullayev esa faoliyat boshlaganidan 5 oy o‘tib, 2018 yilning oktyabr oyida mahsulot eksport qilish uchun korxona hisob raqamiga Xitoy davlatidan ko‘chirilgan 180 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ning bir qismiga egalik qilish yo‘llarini izlaydi. Nihoyat u ushbu pullarning 400 million so‘mini o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan boshqa korxona - “Bek Yusuf eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyatining bankdan olingan kredit to‘lovlarini to‘lash uchun o‘tkazib yuboradi.

Investor bekorga puldor emas. U har bir tiyinni qanday topish-u qayerga sarflashni, puli qayoqqa tushayotganini juda yaxshi biladi. Lyu Sijun ham hisob-kitobda oz emas-ko‘p emas, naqd 400 million so‘mning kam chiqayotganini bilgach, avval I.Ibodullayevga pulni qaytarishni so‘raydi. «Tadbirkor» eksportga chiqarilgan mahsulotlardan tushadigan foyda evaziga «pulni joyiga qo‘yish»ini aytib, vaqtni o‘tkazavergach, tuman prokuraturasiga murojaat qiladi…

Ushbu ish 2019 yil 4 sentyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tuman sudining ochiq sayyor sud majlisida ko‘rildi. Natijada I.Ibodullayev investorning sarmoyasini to‘lash bilan birga, unga keltirgan zararni ham qoplaydigan bo‘ldi.

Behzod TOHIROV,

Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bo‘lim katta taftishchisi.

Farmon HAMROQULOV,

departamentning Ishtixon tuman bo‘limi boshlig‘i.