Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tadbirkorlik sub’yektlari uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi

Bugun mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, raqobatbardosh va sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lamini yanada kengaytirish, teng raqobat muhitini ta’minlash borasida izchil islohotlar hayotga tatbiq qilinmoqda. Ayni jarayonda soliq yukini kamaytirish va tadbirkorlik sub’yektlarini soliqqa tortishdagi nomutanosibliklarni qisqartirishga alohida e’tibor berilayotganini ta’kidlash joiz. Davlatimiz rahbarining joriy yil 26 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim hujjat bo‘ldi.

Farmon bilan joriy etilayotgan o‘zgarish va yangiliklar iste’mol bozorining barqarorligini ta’minlash, ishlab chiqaruvchilarimizning raqobatbardoshligini oshirish borasida zarur shar-sharoitlar yaratish, qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz “zanjirini” shakllantirishga xizmat qilishini alohida qayd etish kerak.

Jumladan, joriy yilning 1 oktyabridan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ining stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi. Buni barcha birdek xursandchilik bilan qabul qilgani e’tiborga molik. Mazkur o‘zgarish tadbirkorlik sub’yektlari uchun qulay sharoit va imkoniyatlar beradi. Chunonchi, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasining pasaytirilishi sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, rentabellikni oshirish, xufiyona iqtisodiyot natijasidagi yo‘qotishlarni qisqartirish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi. Asosiysi, bu aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini yuksaltirishda, xufiyona iqtisodiyotning oldini olishda muhim o‘rin tutadi. Bundan tashqari, soliq to‘lovchilar uchun teng sharoitlar yaratiladi va QQS “zanjiri”ning uzluksizligi ta’minlanadi.

Ushbu farmonni tadbirkorlarning uzoq kutgan orzu-istaklari ro‘yobi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, endi soliq to‘lovchilar soliqdan qochish, asl holatni yashirishni o‘ylamaydi. Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab, faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, raqobatda ilg‘or bo‘lish choralarini ko‘zlab ish tutadi. Natijada iste’mol bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ko‘payadi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati oshadi, QQS to‘lovchilar safi yanada kengayadi, istiqbolli loyihalarning amaliyotga tatbiq etilishi jadallashadi.

Muxtasar aytganda, farmon tadbirkorlik sub’yektlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu esa pirovardida mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish, barqaror taraqqiyot sur’atlariga erishish, xalqimiz turmush farovonligini oshirishga mustahkam zamin bo‘ladi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.