Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Terimchilarga qariyb 150 milliard so‘m pul tarqatildi

Samarqand viloyati dalalarida paxta terimi davom etmoqda. Shu kunlarda terim ishlarida 56 ming 682 nafar uyushmagan aholi, fermer va klaster korxonasi ishchilaridan 43 ming 365 nafari terimda katnashmoqda. Ularning yordami bilan hozirgacha 177 ming 596 tonna paxta xomashyosi terib olindi. Paxta yig‘im-terimida qatnashayotgan terimchilarga 2020 yil 20 oktyabr kunigacha 149 milliard 38 million 54 ming so‘m terim puli tarqatildi.

Jumladan, Oqdaryo tumanida 200 dan ortiq fermer xo‘jaligi joriy yilda 5761 gektar maydonda g‘o‘za parvarishladi. Fermer xo‘jaliklari yetishtirgan hosilni qisqa fursatda yig‘ib-terib olish uchun 157 ta otryad shakllantirildi va 9800 dan ortiq terimchilarning mehnati bilan 20 oktyabrgacha 4360 gektardan ortiq maydondan 12 ming 48 tonnadan ortiq hosil terib olindi. Terimchilarga kunlik va besh kunlik tartibda terim pullari, issiq ovqat va choy tashkil etilgan. Mavsumda ishtirok etayotgan otryad rahbarlariga 100 million so‘m va 20 oktyabrgacha terimchilarga jami 9 milliard 74 million so‘m terim pullari tarqatildi.

Tumanning Zahiriddin Muhammad Bobur mahallasidagi 98 nafar xotin-qizlar 41 va 43 otryadlarga biriktirilgan. Eng ilg‘or terimchilar esa qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirib borilmoqda. 

- Mavsum boshlangandan buyon har kuni terimda qatnashayapman, - deydi ilg‘or terimchi Gulandom Nafasova. – Kuniga o‘rtacha 180-190 kilogramgacha paxta teraman. 4 oktyabrdan buyon 2,5 tonnadan ortiq paxta terdim va 2 million 500 ming so‘m pul oldim. Viloyat hokimining o‘rinbosari F.Abilov ilg‘or terimchilar qatori menga ham televizor sovg‘a qildi. Bu yanada g‘ayratimizni oshirdi.

Shu mahallada yashovchi Musharraf Ergasheva yaqinda 60 yoshni qarshilaydi.

- 16 yildan buyon terimda qatnashaman, pulga muhtojlikdan emas uyda zerikmaslik uchun ham dalaga oshiqaman, - deydi M. Ergasheva. – Eng ilg‘or terimchilar qatori menga ham televizor sovg‘a qilishdi. Bunday rag‘bat ishtiyoqimizni yanada oshirdi. Endi mavsum yakunigacha paxta terimida qatnashmoqchiman.

O‘.XUDOYBERDIYeV.