Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Uch nafar egizakka moddiy yordam ko‘rsatish masalasi qachon ko‘tariladi?

Gap shundaki, shu yilning o‘zida tahririyatga Past Darg‘om hamda Samarqand tumanlaridan bir xil mazmundagi ikkita maktub keldi. Ikkala xatda muammolari  oilasida uch egizak tug‘ilgani, ularga davlat tomonidan yordam berilmasa, bolalarni katta qilish qiyin kechayotganini bayon etgan. Gap avtomashina olish yoki qandaydir qo‘shimcha imtiyozlar haqida ketmayapti. Masalani yanayam aniqroq bayon etadigan bo‘lsak, chaqaloqlarni sog‘lom katta qilish uchun uch chaqaloqqa bitta onaning suti yetmasligi aniq. Demak, ular sanoat usulidagi sut va bo‘tqalarga muhtoj. Bu mahsulotlarning narxi juda qimmatligi hammaga yaxshi ma’lum. Endi tasavvur qiling, go‘daklarning faqatgina oziqasi uchun har oyda necha yuz ming so‘m mablag‘ sarflanadi. Ehtimol, bir oila farzand kutayotganda bitta go‘dakni, boringki ikki go‘dakni katta qilishga qurbi yetishini biladi. Ammo uch nafar go‘dakning birdan tug‘ilishi har qanday ota-ona uchun ham moddiy, ham ruhiy qiyinchilik keltirib chiqarishi mumkin. Samarqand tumanidan murojaat qilgan ota esa uch go‘dakni rafiqasi bilan emas, onasi bilan katta qilayotir.

Besh oydan beri mahalladan pul ololmayman

- Egizak qizaloqlarim tug‘ilgandan yigirma kun o‘tgach, turmush o‘rtog‘im vafot etdi, - deydi Samarqand tumani Mehrobod mahallasida istiqomat qiluvchi Alisher Azizov. – Bir yoqda rafiqamning vafoti, bir yoqda uch nafar go‘dakka qarash. Hozir onam ularga qarayapti, ammo mana besh oydirki mahalla bola parvarishi uchun nafaqa pulini chiqarib bergani yo‘q. Yaqin kunlarda hal bo‘ladi, ammo bir nafar bolaga chiqarib beramiz, deyishyapti. Axir ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rayapmiz, uchtalik egizaklarga avtomobil berilayapti, hatto. Lekin onasiz qolgan egizaklarga nahotki bola pulini chiqarib berish ham shunchalik qiyin bo‘lsa?!

To‘g‘ri, otaning murojaatlaridan so‘ng oilaga tuman hokimligi tomonidan uchta belanchak, sovg‘a-salom keltirib berildi. Qolaversa, bolalar byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limidan boquvchisini yo‘qotganligi uchun nafaqa olishadi. Go‘daklarga qarash uchun tuman tibbiyot birlashmasi ham imtiyoz yaratib bergan. Ammo mahalla tomonidan nafaqa hamon chiqarib berilmagan.

Nafaqa bolaga emas, onaga beriladi

Pastdarg‘omlik oila esa uch nafar egizakning faqat bir nafariga nafaqa puli berilayotganidan norozi. Ushbu norozilik bo‘yicha «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limiga savol jo‘natdik. Fonddan kelgan javob xatida quyidagilar bayon etilgan:

«Uch nafar egizaklarga davlat tomonidan qanday imtiyozlar borligini so‘rab qilgan murojaati yuzasidan mahalla yo‘nalishi bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Fuqarolar yig‘inlarida kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-sonli “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 17-bandida  bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash to‘g‘risidagi ariza uch bosqichda ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yilgan, shuni inobatga olib, oyning 15 sanasiga qadar mahalla fuqarolar yig‘iniga yozma ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Nizomning 8-bandida belgilanishicha, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a’zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan eng kam oylik ish haqining 1,5 baravardan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi. Bundan tashqari, Nizomning 6-bandida fuqarolar yig‘ini tomonidan ehtiyojmand deb e’tirof etilgan oila nafaqa yoki moddiy yordamning faqat bir turini olish huquqiga ega ekanligi belgilangan».

Uch egizaklarga qo‘shimcha yordam kerak

Statistik ma’lumotlarga murojaat qilmasak ham keyingi yillarda uch egizaklar tug‘ilishi ko‘payayotgani ma’lum. Tabiiyki, bu kabi ko‘payish moddiy jihatdan ahvoli o‘rtacha bo‘lgan oilalarni ham qiynab qo‘yadi. Ularga qo‘shimcha moddiy yordam ko‘rsatish haqida tegishli nizomlar ishlab chiqish lozim. Qolaversa, rostdan ham yuqoridagi murojaatchi aytganday, internetdagi axborot saytlarida tinimsiz aytilayotgan, ba’zi uchta egizak tug‘ilgan xonadonlarga avtomashina berilayotganini boshqa, shunday oilalar eshitmaydi, deysizmi? Nazarimda, «Oila» markazi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi bu masalani o‘rgangan holda jiddiy bir taklifni ilgari surishi lozim.

Gulruh Mo‘minova.