Ishtixonda uch egizak tug‘ildi
Samarqand viloyat perinatal markazida uch egizak dunyoga keldi.
Ishtixon tumanining “Shehlar” mahallasida yashovchi 30 yoshli Xadicha Voditova 19 may kuni birvarakayiga uch egizak farzandlarni dunyoga keltirdi.
Egizaklarning tug‘ilishi 25 may kuni Ishtixon tuman FHDYo bo‘limi tomonidan qayd qilinib, tug‘ilganlik guvohnomalari topshirildi.
Ma’lum bo‘lishicha, oilaning 2020 yilda tug‘ilgan bir nafar o‘g‘il farzandi ham bor.
Ta’kidlanishicha, tug‘ruq amaliyoti kesarcha usulida, asoratsiz o‘tkazilgan. Egizaklarning kattasi 2 kilogramm, ikkinchisi 1,8 kilogramm va uchinchisi 1,9 kilogramm vazn bilan tug‘ilgan bo‘lib, ularga Shavkat, Miromon va Mirziyo ismlari qo‘yilgan.
Oila vakillari ayni paytda go‘daklarning ahvoli yaxshiligi, ona va bolalar hali ham viloyat perinatal markazida shifokorlar nazorati ostida ekanini ma’lum qilishdi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning yakunida ushbu tumanning "Qulchora" qishlog‘ida yashovchi Jamshed O‘sarov oilasida ham uch egizak o‘g‘il dunyoga kelgan edi.