To‘rt egizak tug‘ilgan oilaga uy berildi

Bekoboddagi «O‘zmetkombinat» laboratoriyasida muhandis bo‘lib ishlaydigan Bekzod Jo‘rayev va Shoira Jo‘rayevalar xonadonida 21 sentyabr kuni egizaklar – ikki o‘g‘il va ikki qiz dunyoga kelgan edi. «O‘zmetkombinat» AJ axborot xizmatining xabar qilishicha, chaqaloqlarning ota-onasiga 3 xonali xonadon sovg‘a qilingan.

Bu oilada 4 nafar farzand tug‘ilishi kutilayotgani hamono Shoira Jo‘rayeva tibbiyot muassasasida nazoratga olingan edi. Homiladorlikning oxirgi oyida esa Bekobod shahridan Respublika Perenatal markazining homiladorlar patologiyasi bo‘limiga o‘tkazildi. To tug‘ruqqacha unga zamonaviy perenatal texnologiyalar bo‘yicha barcha yordam ko‘rsatildi. Shifokorlar ayol bilan yelkama-yelka turib, egizaklarini qo‘lga olguncha, unga yaqin jigarlaridek g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdi.

Endilikda ham bu g‘amxo‘rlik davom etmoqda. «O‘zmetkombinat» AJ tomonidan ham Jo‘rayevlar oilasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kombinatdan bu oilaga Bekobod shahrining 14-dahasidagi 65-uyning 40-xonadoni sovg‘a qilindi.

4 noyabr kuni Jo‘rayevlar oilasiga bu uyni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. «O‘zmetkombinat» AJ boshqaruvi raisi Tohirjon Azamatov, Bekobod shahar hokimi Zafar Fayzullayev so‘zga chiqishdi. Ular Jo‘rayevlar oilasini to‘rt egizak tug‘ilganligi bilan yana bir bor qutlashdi. Bekzod Jo‘rayevning ota-onasi – egizaklarning bobo va buvisi ham so‘zga chiqib nabiralarining sog‘-salomat tug‘ilishida yordam bergan, ular uchun g‘amxo‘rlik qilayotgan barcha insonlarga, «O‘zmetkombinat» AJga minnatdorchiliklarini bildirdilar.

Tantanali marosimda kombinat boshqaruvi raisi T.Azamatov 40-xonadonning ochilish marosimida maxsus lentani qirqib, Bekzod Jo‘rayevga uch xonali uy kalitini topshirdi. Shuningdek, egizaklar – Hasan, Husan va Fotima, Zuhraning sog‘lom ulg‘ayishlari uchun ularning ota-onalariga kerakli bo‘lgan anjomlar va uy-ro‘zg‘or buyumlari ham sovg‘a qilindi.