Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgutda ilg‘or maktab direktorlari OTMlarga kirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan muassasalarga biriktiriladi

Joriy yilning 16-28 oktyabr kunlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari G‘.Boboxolov hamda ishchi guruhi Urgut tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yaratilgan shart-sharoit, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

Ishchi guruh tomonidan bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirmagan maktablarga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish, o‘qituvchilarning bosqichma-bosqich malaka toifalarini oshirish choralarini ko‘rish, viloyatda bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan maktab direktorlarini tumandagi oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan umumta’lim maktablariga tarmoq maktab sifatida biriktirish hamda o‘qituvchilar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish mexanizmini joriy etish bo‘yicha rejalar ishlab chiqildi.

Tumandagi har bir umumta’lim maktabidagi 7-, 8-, 9-, 10-, 11-sinf o‘quvchilaridan oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazish, mavjud tajribali, repetitorlik bilan shug‘ullanadigan o‘qituvchilarni aniqlash, o‘quvchilar tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha sinflarni qaytadan shakllantirish, variativ o‘quv rejalar bo‘yicha o‘qishlarini tashkil etish, darsdan keyin o‘quvchilarga har bir fan o‘qituvchisi tomonidan qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tishini qat’iy ta’minlash choralarini ko‘rish vazifasi belgilandi.

Ayni paytda reja asosida har bir maktabda bitiruvchi sinflarga faxriy o‘qituvchilarni biriktirish va ota-onalarning mas’uliyati hamda javobgarligi bo‘yicha tushuntirishlar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, 2-chorakdan barcha maktablarda bitiruvchi sinf rahbarlarini qayta ko‘rib chiqish rejasi ishlab chiqildi. Har oy yakunida bitiruvchi qizlar hamda ularning onalari bilan oliy ta’lim muassasalariga kirish, erta turmushning oldini olish bo‘yicha tuman hokimligi hamda mutasaddi tashkilotlar bilan rejali chora-tadbirlar belgilandi.

Umumta’lim maktablarida 2-chorak boshidan 5-sinflardan boshlab har bir sinfda eng iqtidorli o‘quvchilarni saralab olib, “A’lochi sinf”lar tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar rejalashtirildi. Tuman maktablarida ta’lim sifatini yaxshilash borasidagi ishlar davom etmoqda.