Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

XTV andijonlik o‘qituvchilarning kaltaklangani holatiga izoh berdi

Avvalroq joriy yilning 5 oktyabr kuni Andijon shahridagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabida pedagoglar kaltaklangani haqida xabar bergan edik. Ushbu holatga Xalq ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, maktabda soat 13:20 da ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.O‘. hamda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.A. tomonidan kiyinish madaniyatiga rioya qilmagan va darsga kech qolgan matematika fani o‘qituvchisi D.Yu.ga og‘zaki ogohlantirish berilganda ular o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan. Tortishuv natijasida D.Yu.  ularga turmush o‘rtog‘i bilan tahdid qilgan.

Soat 13:35larda D.Yu. turmush o‘rtog‘i hamda uning do‘sti bilan maktabga bostirib kirib, maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sh.O‘. hamda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.A.larni maktabning kirish qismida tayoq bilan do‘pposlagan.

Shu paytda ularni ajratgan o‘qituvchilarni yomon so‘zlar bilan haqorat qilib, ularni ham do‘pposlashga uringan.

Ushbu holat bo‘yicha zudlik bilan shoshilinch tez tibbiy yordamga hamda hududiy profilaktika inspektorlariga xabar berilgan.

Soat 14:00 da profilaktika inspektorlari voqea joyiga yetib kelgan. Lekin D.Yu.ning turmush o‘rtog‘i hamda uning do‘sti hodisa sodir etilgan joydan ketib bo‘lgan.

Jabr ko‘rganlar shoshilinch tez tibbiy yordam xizmatining navbatchi shifokorlari tomonidan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Andijon filialiga olib ketilgan.

Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, Sh.O‘. miya chayqalishi, burun sinish, yuzining o‘ng qismining ko‘zi atrofi hamda oyoqlarining tizza qismi kattiq zarbadan jarohatlangani, G‘.A.ning miya chayqalishi, burun va ikki tishi sinishi, badani hamda chap qo‘lining zarbadan qattiq jarohatlangani aniqlangan.

Muolajalar o‘z vaqtida qilingani sababli hozirda jabrlanuvchilarning sog‘lig‘i yaxshi holatda hamda doimiy shifokorlar nazoratida.

Shuningdek, vazirlik Andijon shahar huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.