Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yangi saylangan deputatlar qachon vazifasiga kirishadi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar o‘z yakuniga yetdi. Deputatlar qachondan boshlab o‘z vazifasiga kirishadi, Bosh vazir lavozimiga nomzod ko‘rsatish qachon amalga oshiriladi, degan savollar ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.

Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida keltirilishicha, ushbu jarayon quyidagi tartibda amalga oshadi:

Birinchi, Konstitutsiyaga asosan vakolat muddati tugagach, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi va Senati ish boshlaguniga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.

Ikkinchi, Senat a’zolarining saylovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin 1 oydan kechiktirmay o‘tkaziladi.

Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining hamda tegishli mahalliy Kengashlarning qo‘shma majlisida amalga oshiriladi. 

Ma’lumot uchun: Markaziy saylov komissiyasining tegishli qaroriga ko‘ra, Senat a’zolari saylovi bo‘yicha vakillik organlari deputatlarining qo‘shma majlislari 2020 yilning 16-17 yanvar kunlari o‘tkaziladi.

Uchinchi, Qonunchilik palatasining birinchi majlisi Qonunchilik palatasiga saylovdan keyin ikki oydan kechiktirmay, Senatning birinchi majlisi esa Senat shakllantirilganidan keyin bir oydan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasining chaqirig‘iga asosan o‘tkaziladi.

Birinchi majlislarda tegishlicha Senat Raisi va Qonunchilik palatasi Spikeri saylanadi, palatalarning qo‘mitalari tuziladi hamda faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq boshqa masalalar ham ko‘rib chiqiladi.

Aynan shu majlisdan so‘ng yangi saylangan deputatlar va senatorlar o‘z vazifasiga kirishadi.

To‘rtinchi, Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi, biroq Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.

Vazirlar Mahkamasining o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi yangi shakllantirilgan Senatning birinchi majlisi o‘tkazilgan kunda Oliy Majlisning palatalariga Bosh vazir tomonidan yozma murojaat berish orqali amalga oshiriladi.

Beshinchi, Bosh vazir nomzodi Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.

Prezident taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqqanidan keyin o‘n kun muddat ichida uni Oliy Majlis palatalarining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.

Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishincha Oliy Majlis a’zolari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.

Oltinchi, Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga (jumladan, vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari) nomzod Qonunchilik palatasidagi mas’ul qo‘mita, siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlar guruhlari tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqiladi va ma’qullanadi.

Vazirlar Mahkamasi a’zosi lavozimiga nomzod uning nomzodini Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish va ma’qullash chog‘ida o‘zining tegishli harakatlar rejasini taqdim etadi.

Vazirlar Mahkamasining a’zosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanganidan keyin o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi.

Yettinchi, Senat va Qonunchilik palatasining qo‘shma majlislarida Prezident mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining muhim masalalari yuzasidan nutq so‘zlashi mumkin.

Xususan, yaqin kunlarda Prezidentning yangi shakllantirilgan Parlamentga an’anaviy murojaatnomasi kutilmoqda.

Shuningdek, qo‘shma majlisda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturi eshitiladi.