"Go‘zal Xitoy – Maftunkor Ichki Mo‘g‘ul" madaniy almashinuv kechasi o‘tkazildi
Viloyat musiqali drama teatrida «Go‘zal Xitoy – Maftunkor Ichki Mo‘g‘ul» madaniy almashinuv tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan ushbu tadbir ikki xalqning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari va san’at an’analarini namoyon etdi.
Tadbirning ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, Xitoy Xalq Respublikasi Ichki Mo‘g‘ul avtonom rayoni partiya qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari, siyosiy-huquqiy ishlar qo‘mitasi kotibi Shi Guangxui ishtirok etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar rivojlanib borayotgani, madaniy almashinuvlar esa xalqlarni yanada yaqinlashtirib, kelgusida qo‘shma loyihalar uchun mustahkam poydevor yaratishini ta’kidladi.
Tadbir doirasida Xitoyning nomoddiy madaniy merosi namunalaridan iborat ko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazmada an’anaviy qog‘oz o‘ymakorligi, nafis kashtachilik, charmga ishlov berish, shuningdek, oltin va kumush buyumlar yasash san’atiga oid noyob asarlar namoyish etildi. Ushbu eksponatlar mehmonlarga Xitoy xalq amaliy san’atining o‘ziga xosligi va yuksak mahorati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Kechaning eng yorqin qismi Ichki Mo‘g‘ul san’at teatri ijodkorlari tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi bo‘ldi. Tomoshabinlar Xitoy klassik raqslari, xalq qo‘shiqlari, milliy cholg‘u asboblaridagi jonli ijrolar hamda dunyoda o‘ziga xos san’at turlaridan biri sanalgan Xoomiy tomoq kuylash ijrosini katta qiziqish bilan qarshi oldilar.
Rang-barang sahna chiqishlari milliy liboslar, musiqa va raqs uyg‘unligi orqali Ichki Mo‘g‘ulning boy madaniy an’analarini namoyon etdi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.