AQSh harbiy-havo kuchlari generali qo‘l ostidagilarni 2025 yilda Xitoy bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi

Harbiy-havo kuchlari generali Mayk Minixan o‘z qo‘l ostidagilariga yo‘llagan rasmiy xatida Qo‘shma Shtatlar ikki yildan so‘ng Xitoy bilan urushga kirishishini aytdi, deya xabar bermoqda NBC telekanali.

"Umid qilamanki, men adashyapman, lekin sezishimcha, biz 2025 yilda jang qilamiz", - deya hujjatdan parcha keltirgan telekanal. Xatning haqiqiyligini AQSh havo kuchlari transport qo‘mondonligi vakillaridan biri tasdiqlaydi.

Generalning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy rasmiylari 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidentlik saylovlaridan Tayvan ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha operatsiya o‘tkazish uchun foydalanishi mumkin.

Bundan tashqari, Minixan o‘z qo‘l ostidagilarini fevral oyi oxirigacha Xitoy bilan harbiy harakatlarga tayyorgarlik ko‘rish choralari haqida hisobot berishga chaqirgan.

Tayvanning eng katta oroli 1949 yildan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. Pekin bu hududni Xitoy provinsiyalaridan biri deb biladi.

Tayvan atrofidagi keskinlik 2022 yil avgustida Vakillar palatasining o‘sha paytdagi spikeri Nensi Pelosining Taypeyga tashrifi ortidan kuchaygan. U tugallangandan keyingi kun Xitoy xalq ozodlik armiyasi orol suvlaridagi oltita zonada keng ko‘lamli raketa otish manevrlarini boshlagan.