Daryodagi tosh-shag‘al egasiz emas

Bu viloyat qurilish bosh boshqarmasida Zarafshon daryosining qirg‘oq mintaqalarida qum-shag‘al aralashmasi qazib olinishining daryo o‘zaniga hamda yer osti chuchuk suvlari zaxirasiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan viloyat hokimligi ishchi guruhining o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida aytildi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan muhokamada viloyat hokimi E.Turdimov viloyatimizda qum-shag‘al kavlab oluvchi, toshni qayta ishlovchi tadbirkorlar faoliyati Zarafshon daryosi o‘zani va qirg‘oqbo‘yiga jiddiy zarar yetkazayotganligini ta’kidladi.

Yurtimizda qurilish materiallariga bo‘lgan talabning o‘sishi natijasida keyingi paytlarda Zarafshon, Oqdaryo, Qoradaryo o‘zanlaridan qum-shag‘al materiallarini nazoratsiz qazib olish holatlari ko‘paydi. Bunday holatlar daryo o‘zanining oqimiga ta’sir qilib, yer usti va osti suvlari kamayib ketishi, suvni muhofaza qilish zonalari botqoqlashishi va ifloslanishi, sug‘orish tizimlari, transport, gidrotexnika va kommunikatsiya ob’yektlarining buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Muammoni o‘rganish maqsadida mutaxassislar tomonidan Zarafshon daryosi o‘zanlarida, "Ravotxo‘ja" suv omborida kuzatuvlar olib borildi.

- Zarafshon daryosining Urgut tumani "Ravotxo‘ja" to‘g‘onidan Oqdaryo va Past Darg‘om tumanlari hududidan o‘tuvchi qismi va uning o‘zanidan qum-shag‘al aralashmasi qazib olinishini o‘rganib chiqdik, - deydi ishchi guruh rahbari Alisher Raimjonov. - Ma’lum bo‘lishicha, bu yil daryodagi suv hajmi har yilgidan bir necha barobar kamaygan. Shuningdek, yillar davomida qum-shag‘al materiallarining nazoratsiz qazib olinishi natijasida daryo qirg‘oqlarining buzilishi va o‘zanda joylashgan ayrim ob’yektlarning turli darajada talafot ko‘rishiga olib kelgan. O‘rganishlarimiz jarayonida daryo hamda kuzatuv quduqlarining hozirgi holatini aniqlash maqsadida GPS (STONEKS) navigatsiya o‘lchov asbobi yordamida daryo o‘zanida topo-geodeziya ishlari bajarildi. Natijada 1986 yilga nisbatan bugungi kunda daryo sathi 5-8 metrgacha chuqurlashib ketganligi aniqlandi.

Ishchi guruh tomonidan qum-shag‘al materiallarini qazib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan tadbirkorlarga o‘zanni tozalash ishlarini belgilangan loyihalar va ekologiya xodimlarining tegishli xulosasi asosida olib borilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Viloyat hokimi o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qoshidagi «Xavfsiz daryo» DUK hamda Cho‘ponota suv inshooti rahbarlarini o‘z vazifasidan ozod qilishni taklif qildi. Zarafshon daryosidan qum-shag‘al mahsulotlarini noqonuniy ravishda qazib olayotgan tadbirkorlar faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga topshiriqlar berildi.

Dilmurod To‘xtayev.