Navoiyning sara asarlari tarbiyalanuvchilarga taqdim etildi

Viloyati musiqali drama teatrida Samarqand shahridagi mehribonlik uylari va “SOS” bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilari uchun “Alisher Navoiy – o‘zbek adabiy tilining asoschisi” shiori ostida adabiy kecha o‘tkazildi.
Viloyat prokuraturasi, viloyat xalq ta’limi va madaniyat boshqarmalari hamda yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Navoiy ijodi va hayoti, uning ilmiy merosi, dunyo ilm-fani rivojida tutgan o‘rni, g‘azallarining ijtimoiy-tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
- Bugun dunyo olimlari tomonidan Alisher Navoiy bobomiz qiyosiy tilshunoslik ilmiga asos solgan shaxs sifatida e’tirof etilmoqda, - deydi SamDU dotsenti Sobirjon Tohirov. – Bu bejiz emas. Ikki tilda ham ijod qilib, o‘zining go‘zal asarlarini meros qoldirgan bobomiz asarlari o‘zining ahamiyatini yo‘qotmagan. Navoiy g‘azallarini, asarlarini o‘qir ekansiz, yangi-yangi ma’no va mazmun kashf etasiz.
Teatr foyesida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining “Navoiy mening tasavvurimda” nomli rasmlar ko‘rgazmasi uyushtirildi. Iqtidorli tarbiyalanuvchilari tomonidan Navoiy ijodi sahnada talqin etildi. Namunali o‘quvchilarga tashkilotchilar tomonidan mutafakkirning sara asarlaridan iborat kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.
Viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan Iqbol Mirzo asari asosida sahnalashtirilgan “Samarqand sayqali” spektaklining namoyishi tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Taklifa QO‘LDOShEVA.