Nukuslik bemorlar Samarqandda operatsiya qilindi
Respublika ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida Nukus tumanidan kelgan uch nafar bemorda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, ularning salomatligi tiklandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida mamlakatimiz viloyatlari mazkur tumanlarga biriktirilgan. Jumladan, Samarqand viloyati Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanini har tomonlama rivojlantirishga amaliy yordam berib kelmoqda.
Yaqinda Samarqand viloyat hokimi A.Boboyev boshchiligidagi mas’ullar Nukus tumaniga borganida markaziy shifoxonada ham bo‘lib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati hamda davolash jarayonlarini takomillashtirish borasidagi ishlar bilan tanishgandi. Muassasaga zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar topshirilishi bilan birga aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularga sifatli, tezkor va samarali tibbiy yordam ko‘rsatish, jarrohlik amaliyotlariga muhtojlariga esa Samarqand viloyati tibbiyot muassasalarida yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.
– Viloyatimiz mas’ullarining Nukusga safari davomida berilgan topshiriqlar hamda hudud aholisining murojaatlari asosida shifoxonamizda Orolbo‘yidan kelgan uch nafar bemorda jarrohlik amaliyotlari bajarildi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori Botir To‘xtayev. – Ular uzoq vaqtdan buyon asoratli katarakta xastaligidan aziyat chekkan, bir bemor hatto, ikki yildan buyon ko‘rmay qolgan ekan. Ayni paytda bizda bunday bemorlarda yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazish uchun imkoniyatlar katta – zarur tibbiy uskuna va jihozlarimiz bor, shifokorlarimiz xorijda malaka oshirib kelgan, boy tajribaga ega.
Nukusdan kelgan bemorlar bir necha kun shifoxonada bo‘lib, muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotlaridan so‘ng yana o‘z yurtiga qaytib ketdi.
– Keyingi uch oyda ko‘zlarim ancha xiralashib qolgandi, – deydi Irisgul Davletniyozova. – Samarqandlik shifokorlar ko‘rikdan o‘tkazib, operatsiya qilsak, yana avvalgidek ko‘ra boshlaysiz, deganlarida ishonmagan edim. Xudoga shukr, Samarqandga kelib, uch kunda darddan qutuldim, shifokorlarga ming rahmat!