Tarixdan tafakkurga, tafakkurdan ma’naviyatga

“Bundan yigirma yilcha avval tarixchi do‘stim Amriddin Berdimurodov bilan Amir Temur haqida hujjatli film qilmoqchi bo‘ldik…”.

Taniqli jurnalist va adib Farmon Toshevning “Uyg‘otadi quyoshni har tong” kitobidagi ushbu jumlani o‘qir ekansiz, beixtiyor bugungi kun haqida o‘ylab qolasiz.
Bir paytlar tarixni, buyuk siymolarni, millat xotirasini ekran orqali xalq qalbiga olib kirish orzusi bilan yashagan ijodkorlar ko‘p edi. Bugun esa aksi, ijodkorlarning asosiy tashvishi - ko‘proq tomosha yig‘adigan, reklama beruvchining e’tiborini tortadigan kontent tayyorlash.
Yoki muallifning “Aqldan naqlga, naqldan aqlga” to‘plamidagi mana bu to‘rtlikka e’tibor bering:
Qaldirg‘och in qurmoqchi edi,
Xonadon egasi quvlab soldi.
G‘ofil bilmas ushbu ishidan,
Uy hayhotday huvillab qoldi.
Bu satrlar faqat qush haqida emas. Bugun oramizda qaldirg‘och qolib, o‘z jigarini, bir qorindan tug‘ilgan aka ukasini ota hovlisidan quvib chiqarishga urinayotganlar yo‘qmi? “Qaldirg‘och” ketgan uy qanday huvillab qolsa, mehr-oqibat tark etgan qalb ham shunday bo‘shab qolmaydimi?
Ana shunday chuqur falsafiy mushohadalar ustoz jurnalist F.Toshevning yaqinda nashr etilgan “Uyg‘otadi quyoshni har tong” hamda “Aqldan naqlga, naqldan aqlga” kitoblarini o‘qishga arzigulik asarlar qatoriga qo‘shadi.
Birinchi kitob esse va she’rlardan iborat bo‘lib, unda Samarqandning tarixiy qiyofasi, Vatanga muhabbat, ajdodlar merosi va bunyodkorlik g‘oyalari badiiy talqin etiladi. Ikkinchi to‘plam esa ruboiy va hikmatli to‘rtliklar orqali insonni ezgulikka, tafakkurga va komillikka chorlaydi…
Albatta o‘qing!