So‘nggi parvoz

Metin qoyada haybatli bir burgut atrofga g‘amgin qarab turardi. Qoyalar orasida sovuq shamol izg‘ir, qor parchalari to‘zg‘ib yotardi. Burgutning shundoq qarshisidagi quzg‘un jasadining yarmi chirigan, o‘laksa quyonni cho‘qilab yemoqda edi.
- Hoy, burgut, bu turishda ochingdan o‘lasan, - dedi quzg‘un qanotlarini bir-biriga urarkan. - Kel, ye. Buni sen uchun topib keldim.
Burgut o‘laksaga jirkanib qaradi.
- Sasigan etni yeymanmi? Men issiq et yeyishga ko‘nikkanman. Harom etdan hazar qilaman.
- Gaping to‘g‘ridir, ammo o‘lib ketasan.
Burgut indamadi. U bir necha kundan beri och edi. Bo‘ron necha kundirki, tingani yo‘q, biror nima ovlay desa imkonsiz. Ochlik uni yenga boshlagan edi. U har zamonda qanotini zo‘rg‘a qimirlatib qo‘yardi.
Quzg‘un quyonni uning oyoqlari tagiga tortib keldi.
- Bilaman, - dedi u burgutga tik boqib, - sen o‘laksa yemaysan. Bunga g‘ururing yo‘l qo‘ymaydi. Lekin tirik qolish uchun ye. Kuchga kirasan va o‘lja izlaysan.
Burgut boshini burib oldi.
- Bu isqirtni oyog‘im tagidan yo‘qot.
- Hech kimga aytmayman.
- Hech kimga aytmaysan? Men o‘z vijdonim oldida aybdor bo‘lib qolaman. O‘laksani yesam butun burgutlar isnodga qoladi.
Burgut o‘z so‘zida turdi. Madori qochavergach, qoya labiga keldi-da, pastga qarab sho‘ng‘idi. Kuchsiz qanotlari uni ko‘tarolmasdi. Oqibatda chirpirak bo‘lib aylanib, yalang‘och toshga borib urildi.
Uning bu qilig‘idan hayratga tushgan quzg‘un burgutning yoniga uchdi. Yoniga kelganida burgut allaqachon jon taslim qilib bo‘lgandi...
O‘laksa yeyishni butun avlod-ajdodi uchun or deb bilgan burgut so‘nggi parvozni amalga oshirganida yuzlab chaqirim naridagi shahardagi to‘yxonada betiga kelinchaklarday upa surtib, videoda chiroyli chiqishi uchun labini andak qizartirib olgan kuyovbola kayvoni onaxonning jonqirqar so‘zlari ostida atrofdagilarga egilib salom berardi.
- Kuyov salom, kuyov salom,
Qaynotasiga bir salom...
Shoniyoz MELIBOYeV.