Viloyatda 3500 gektardan ortiq hudud obodonlashtiriladi

Shu yilning 15 oktyabridan tozalik va ozodalik oyligi doirasida viloyatimizdagi mahallalar, ta’lim muassasalari, ko‘chalar hamda aholi turarjoylari hududlarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, mahallalardagi mavjud sanitar holatni yaxshilash, atrof-muhitni tozalash, ko‘chalar va yo‘laklarni ta’mirlash, yashil hududlarni kengaytirish, ko‘chat va gullar ekish ishlarida fuqarolar faol ishtirok etmoqda.
– Oylik doirasida viloyatdagi 1081 ta mahallada 3518 gektar maydonni obodonlashtirishga kirishildi, – deydi O‘zbekiston mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi Alovuddin Lapasov. – Shuningdek, 777 ming tonna maishiy va qurilish chiqindilarini olib chiqish, 1,3 kilometr ariq va lotoklarni tozalash, 1570 dan ziyod qabriston, 130 ga yaqin ziyoratgoh va 330 dan ortiq bog‘larni obodonlashtirish, qariyb 13 mingga yaqin ko‘cha, 400 dan ortiq sport maydonchasi va 301 ming 639 ta xonadonni tartibga keltirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 4677 ta oilaga va yolg‘iz keksalarga moddiy yordamlar ko‘rsatiladi.