Adiz Boboyev Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialini borib ko‘rdi

Filialda yurtimizda reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, muddatidan avval tug‘ilgan go‘daklar uchun ixtisoslashtirilgan reanimatsion va intensiv xizmatlarni tashkil etish, kam vaznli chaqaloqlarni parvarish va reabilitatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va bino holati bilan tanishildi.
250 o‘rniga mo‘ljallangan ushbu muassasa 2022 yil kapital ta’mirdan chiqarilib, muassasada ginekologiya, homiladorlar patologiyasi, homiladorlikda yuqumli kasalliklar va chaqaloqlar patologiyasi kabi bo‘limlar tashkil etilgan.
Viloyat rahbariga tibbiyot maskanining ish faoliyati haqida ma’lumot berildi. Filialda ayni paytda 39 turdagi bioximik, 20 turdagi gematologik, 12 turdagi IFA (immunoferement analizator-stat Faks 303) kabi laborator tahlillari o‘tkazilib kelinmoqda. Shuningdek, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish uchun muassasa 11 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga 14 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev tomonidan o‘rganish davomida muassasaning issiqlik, oqova tizimi, elektr tarmoqlari, bo‘limlardagi bemorlarni tashish uchun lift moslamalarining ishlamayotganligi, yerto‘la qismidan suv sizayotganligi holati aniqlandi va ushbu kamchiliklarni tezda bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Shuningdek, viloyat rahbari sog‘lom onadan sog‘lom farzand tug‘ilishi tamoyillari bo‘yicha, homiladorlarni davriy skrining tekshiruvidan o‘tkazilishi, nogironlikning oldini olish borasida targ‘ibot tadbirlarini ko‘proq o‘tkazish borasida taklif va mulohazalarini bildirdi.
Investitsiya dasturi asosida 2025-2026 yillarda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filiali qoshida skrining va reproduktiv salomatlik bo‘limlari binosi va 250 qatnovli “Ayollar maslahatxonasi” binosi qurilishi bilan tanishilib, 2026 yilda dasturga kiritilgan 200 o‘rinli tug‘ruq kompleksi binosi qurilishi, tug‘ruq markazidagi mavjud binolarini kapital ta’mirdan chiqarish yuzasidan yo‘l xaritasini ishlab chiqish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.