Biz korrupsiyaga qarshimiz. Siz-chi?

Mashinangizda ketayapsiz. Qoidani buzdingiz. YPX xodimi to‘xtatdi va bayonnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘ldi. Siz unga iltimos qila boshladingiz va gap orasida "uni rozi qilib ketish" haqida gapirdingiz.
U rozi bo‘ldi va pulingizni olib sizni qo‘yib yubordi. Siz uning ishidan xursand bo‘lib rahmat aytdingiz. Sizdan ancha yosh bo‘lishiga qaramay "aka, yaxshi kunlarda uchrashaylik" deb xush kayfiyat ila u bilan xayrlashdingiz. Mashinangizga o‘tirgandanoq o‘sha YPX xodimining yaxshi odam ekanini, sizga yaxshilik qilganini sheriklaringizga maqtab qo‘ydingiz. Keyin esa qayerda YPX xodimlari haqida gap ochilganda siz "Sirdaryoda..., Jizzaxda..., Samarqandda..., yo‘lda falon joyda yaxshi bir GAI xodimi turishini va u sizga yaxshilik qilganini" maqtab gapirib yurasiz.
Bordi-yu vaziyat aksincha bo‘lsa-chi? YPX xodimi "iltimosingizga” ko‘nmay bayonnomani rasmiylashtirdi. Sizdan yoshi katta bo‘lsa-da haqorat qilib ketasiz. Kamiga, mashinangizga borib o‘tirgandanoq uni sheriklaringizga yomonlaysiz. Keyin qayerda YPX xodimlaridan gap ochilsa qo‘liga tushsang yozib yuboradi, pul ham olmaydi, iltimosingga ham ko‘nmaydi, deb o‘sha xodimni yomonlab yurasiz.
Jamiyatimizda poraxo‘rlik va korrupsiyaning yo‘qolishini xohlaymiz. Ammo bunga o‘zimiz amal qilmaymiz. Deylik, biror idoraga bordik. Hujjatlarimizda kamchilik borligini aytgan xodimga “rozi qilib ketish”imizni aytib, shu kamchilikni inobatga olmasligini so‘raymiz. Qarabsizki "sizdan ugina, bizdan bugina" tarzida ishimiz bitayapti.
E’tibor berib qarasak, qayerda bo‘lmasin, pulimizni olib ishimizni, sal noqonuniy tarafi bo‘lsa ham bitirib beradigan odamlar biz uchun "yaxshi odamlar". Aksincha, xatti-harakatimizga qonunan chora ko‘radigan, biz taklif etayotgan “rozi qilish”ga ko‘nmaydigan insonlar bizning nazarimizda “yomon odamlar”.
Jamiyatdan poraxo‘rlikni yo‘qotish kerak, deb ayuhannos solamiz-u lekin ishimizni tezroq bitirish uchun aksariyat hollarda o‘zimiz pora taklif etamiz. Qonun hamma joyda ustuvor bo‘lishini xohlaymiz, ammo uni birinchi bo‘lib o‘zimiz buzamiz.
Ba’zida shu gaplarni gapirib kim bilandir bahslashib ham qolaman. "Endi YPX xodimiga 3-4 so‘m bergan bilan katta bir idoraning rahbari olayotgan poraning farqi bor-da" deyishadi. "Sizni qo‘yib yuborgani uchun YPX xodimiga o‘zingni nazdingizda "ozgina" pul berayapsiz. Olsa xursandsiz. Olmasa so‘kasiz. Ana o‘sha katta bir idora rahbarining oldiga borayotganlar ham sizday. Idora rahbari, kamchiligiga qaramay pullarini olib ishlarini bitirsa undan yaxshi odam yo‘q. Mabodo "iloji yo‘q, hujjatlaringizda kamchilik bor" deb qaytarsa undan yomon, undan poraxo‘r odam dunyoda yo‘q.
Jamiyatda poraxo‘rlikni yo‘qolishini xohlaysizmi, unda birinchi navbatda qonunni buzmang. Ikkinchidan, o‘zingizning qonunbuzarligingizni kimlargadir pora berib yopib ketishga urinmang. Aks holda hammasi bekor gap bo‘lib qog‘ozda qolib ketaveradi. Siz esa o‘zingizdan oldingilarday o‘rni kelganda ishingizni bitirish uchun porani o‘zingiz birinchi taklif qilib, so‘ng "jamiyatimiz poraxo‘rlikka to‘lgan, uni yo‘qotishimiz kerak" deb qichqirib o‘tib ketaverasiz.
Ammo, baribir ularning nazdida bir tarafdan poraxo‘r yomon odam, ammo o‘zi bironta mas’ul xodimga ishini tezroq bitirish uchun pora bersa buni "yomon ish qilayapman" deb o‘ylamaydi.
Jamiyatdagi pora oldi-berdisi va porxo‘rlikka bo‘lgan mana shunday ikki xil munosabat ham bizda poraxo‘rlikka sabab bo‘lmayaptimikan?
G‘ayrat Yo‘ldosh.