Bugun jurnalist va blogerlarning jamiyatdagi o‘rni qanday?

27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan viloyatimizda ham bir qator tadbirlar tashkil etildi.
Unda boshqarma va idoralar, jamoat vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, noshirlar, matbaachilar, faxriy jurnalistlar, bloger, mustaqil ijodkor va soha faxriylari ishtirok etdi.
Qancha tashkilotda kasb bayrami nishonlanadi?
Viloyatda to‘liq siklda ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan 7 ta, o‘rtacha quvvatli 26 ta, taklifnoma, vizitka va reklama mahsulotlarini chop etishga mo‘ljallangan 43 ta, muhr va tamg‘a tayyorlashga mo‘ljallangan 14 ta, jami 90 ta matbaa korxonasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Shuningdek, 39 ta bosma ommaviy axborot vositasi - 34 ta gazeta, 5 ta jurnal faoliyat olib bormoqda. 5 ta nashr elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan: “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand”, “Samarqand”, “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetalari, www.martaba.uz va www.samsity.uz veb-saytlari axborot resursi sifatida ro‘yxatga olingan.
Viloyatda 50 nafardan ortiq faol bloger, messenjer kanallari va ijtimoiy tarmoqlarda sahifa yurituvchilar mavjud. Ular yuritayotgan resurslardagi umumiy auditoriya 1 milliondan ko‘proq.
Qayd etilishicha, tahririyatlarda mehnat qilayotgan 200 nafarga yaqin xodimning 10 nafari deputat. Shu kungacha 8 nafar jurnalist “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvonini olgan, “Oltin qalam” Milliy mukofotining turli nominatsiyalari bo‘yicha 12 marta mukofotlangan.
Albatta, o‘zining ijodiy ishlari, turli mavzulardagi chiqishlari bilan boshqaruv organlari faoliyatida ochiliqni ta’minlash, odamlarning huquqiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishda faollik ko‘rsatayotganlarga viloyat hokimligi doimiy ehtirom ko‘rsatib kelmoqda.
Ijodkorlar quruq qo‘l bilan qaytmadi
Viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan asosiy bayram tadbirlari Samarqand shahridagi “Bog‘ishamol garden” majmuasida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov soha xodimlarini bayram munosabati bilan qutladi.
- Bugungi islohotlar siz, Sizning timsolingizda keng jamoatchilik bilan hisoblashish, ularning fikri doimiy o‘rganib borish talabini qo‘ymoqda, - dedi o‘z tabrik so‘zida E.Turdimov. – Shu jihatdan, har tong ish kunimni viloyatdagi barcha nashrlarni o‘qib chiqishdan boshlayman. Bo‘sh vaqt topdim deguncha, teleko‘rsatuvlar va internetdagi viloyat hayotiga oid axborot tarqatuvchi saytlar va ijtimoiy tarmoqlarni ko‘rib, kuzatib boraman.
Ayni damda bir ma’lumotni aytib o‘tmoqchiman. Samarqand jurnalistika maktabi salohiyati nafaqat viloyatimizda, balki respublikamizda e’tirof etiladi. Shu bois, Siz, azizlar bilan yelkadosh bo‘lib mehnat qilayotganimdan faxrlanaman.
Tadbirda 27 nafar matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlarga viloyat hokimining faxriy yorliqlari topshirildi. Shuningdek, viloyat hokimligi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovining 9 nafar g‘olibini taqdirlandi.
Bayram tadbirida faxriylar ham e’tibordan chetda qolmadi. Jumladan, sohada uzoq yillar mehnat qilib, bugun qarilik gashtini surayotgan 12 nafar keksa yoshdagi hamkasblarimizga faxriy yorliq va bayram sovg‘alari berildi.
Toshkentda ijod qilayotgan taniqli san’atkorlar va viloyatimiz ijodkorlarining chiqishlari yig‘ilganlarga xushkayfiyat bag‘ishladi.