Bulung‘ur tumani hokimining 5 ta qarori bekor qilingan

Joriy yilning 30 iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda sud faoliyatiga aralashishga hech kimning haqi yo‘qligi alohida ta’kidlandi. Shu bois sudyaning faoliyatiga to‘sqinlik qilgani va adolatsiz qaror chiqarishga majburlagani uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Aslida bu bugun o‘ylab topilgan masala emas. Keyingi 3-4 yilda tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida odil sudlovni ta’minlash borasida qator ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Misol uchun, o‘tgan bir yarim yil ichida sudlar tomonidan hokimlarning yer ajratish, bino-inshootlarni buzish va xususiylashtirishga oid 1 ming 730 ta qarori bekor qilingan.
Odamlar dardini tinglash, sudlarda ko‘rilayotgan ishlar yuzasidan adolatli qaror chiqarish borasida Bulung‘ur tumani iqtisodiy sudida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, o‘tgan yili va joriy yilning birinchi choragida ishlarning 53,5 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rilgan. Ommaviy axborot vositalari orqali 16 marta chiqishlar qilingan va mahalliy Kengashda axborot berilgan. Bundan tashqari, tuman hokimligining 5 ta qarori haqiqiy emas deb topilib, fuqarolarning huquqlari tiklangan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yig‘ilishda belgilangan vazifalar sud tizimining mustaqilligini ta’minlashda navbatdagi qadam bo‘ladi. Sud jarayonlarida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatini ta’minlash, sudlar faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va tezkorligini ta’minlash garovi bo‘lishi, shubhasiz. Shuningdek, belgilangan vazifalar ijrosi sudlarda ish yuritish sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Sherzod TO‘XTAYeV,
Bulung‘ur tumani ma’muriy sudi raisi.