Germaniya – yoshlar uchun imkoniyatlar mamlakati

Dunyo mamlakatlarini ko‘rish, turli madaniyatlar bilan tanishish, turli millat vakillari bilan muloqot qilish orqali insonning dunyoqarashi, hayotiy nuqtai nazari o‘zgaradi. Ammo bu ayrimlar uchun imkonsizdek tuyulishi mumkin. Istak, jur’at bo‘lsa, imkon topsa bo‘ladi.
Bugun O‘zbekistonning xorijiy davlatlar, ayniqsa, Yevropa mamlakatlari bilan hamkorligi mustahkamlanib, ushbu yurtlarga sayohat qilish, ishlab, o‘qib tajribalar orttirish imkoniyati kengaydi.
Xususan, Germaniya hozirda yurtdoshlarimiz uchun eshiklarini ochmoqda. Ular yurtimizdan borayotgan fuqarolardan katta xarajat, mukammal til bilimlarini yoki maxsus mutaxassislikni talab qilmayapti.
Ayniqsa, Germaniyaning Au-pair, FSJ va Feriyenjob dasturlari oddiy, ammo katta imkoniyatlar yaratmoqda.
“Au-pair” atamasi fransuz tilidan olingan bo‘lib, so‘zma-so‘z tarjimada “o‘zaro yordam”, “o‘zaro almashinuv”, degan ma’nolarni anglatadi. Ya’ni, Au-pair dasturida ishtirok etgan inson germaniyaliklarning oila a’zosi sifatida yashaydi, bolalariga qarash va yengil uy ishlarida yordam beradi. Buning evaziga esa u bepul turarjoy, ovqat va oyiga belgilangan miqdorda pul oladi. Dasturda ishtirok etuvchidan nemis tilini A1 darajasida bilishi, ba’zida sertifikat bilan tasdiqlangan holda (Gyote, Telc, ÖSD) hamda ba’zan sog‘lig‘i haqida ma’lumotnoma taqdim etishi so‘raladi. Odatda dastur 1 yil davom etadi. Ammo qisqaroqqa, 6 oyga qolish imkoniyati ham mavjud.
Dastur nemis tilini va madaniyatini yaqindan o‘rganmoqchi bo‘lgan, birinchi marta Germaniyaga chiqmoqchi bo‘lganlar uchun juda mos keladi. Chunki u Sizga nemis jamiyatining kundalik hayoti, an’analari va qadriyatlarini tushunishning noyob tajribasini beradi. Xullas, Au-pair mas’uliyat, mustaqillik, sabr-toqat va madaniyatlararo muloqotni o‘rganadi.
FSJ – Yigit-qizlar uchun teng imkoniyat. Au-pair dasturi asosan yosh ayollar orasida keng tarqalgan. Lekin yigitlar uchun ham Germaniyada o‘z salohiyatini sinab ko‘rish, til o‘rganish va amaliy tajriba orttirish imkonini beruvchi yo‘llar mavjud. Shulardan biri – FSJ, ya’ni Freiwilliges Soziales Jahr (ixtiyoriy ijtimoiy xizmat) dasturi. U 18-26 yoshdagi yoshlarga mo‘ljallangan ijtimoiy xizmat dasturi bo‘lib, ishtirokchilar Germaniyadagi bolalar bog‘chalari, qariyalar uylari, shifoxonalar yoki nogironlar markazlarida volontyor sifatida faoliyat yuritadi. Bu nafaqat kasbiy tajriba, balki hayotiy ko‘nikmalar, mustaqillik va til o‘rganish uchun ham katta maktab. Dasturda qatnashish uchun ba’zilarida A1, ayrimlarida A2 darajadagi til bilimlari talab qilinadi. Amaliy faoliyat shaxsiy rivojlanishga qaratilgan seminarlar bilan to‘ldiriladi. Bu seminarlar ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini kengaytirishga xizmat qiladi. FSJ dasturida qatnashish bepul. Ishtirokchilar har oy belgilangan miqdorda pul oladi. Ko‘p hollarda yashash joyi va ovqat bilan ta’minlanadi. Dasturga ariza topshirish odatda safar boshlanishidan kamida bir yil oldin amalga oshirilishi lozim. FSJ dasturida ishtirok etgan yoshlarga keyinchalik ko‘plab boshqa imkoniyatlar eshigi ham ochiladi. Chunki bu tajriba ko‘plab xorijiy oliygohlar, stipendiya dasturlari va ish beruvchilar tomonidan yuqori baholanadi.
Feriyenjob – qisqa muddatli daromad va Germaniyada hayot tajribasi. Agar FSJ va Au-pair kabi uzoq muddatli dasturlar imkonsiz bo‘lsa, Germaniyada ishlash va tajriba orttirishning qisqa yo‘llari ham bor. Germaniyada yoz oylari chet ellik talabalar uchun ishlab chiqarish, logistika, omborxona va xizmat ko‘rsatish sohalarida qisqa muddatli ishlash imkoniyatlari taqdim etiladi. Bu ishlarda ishtirok etish muddati odatda 2-3 oygacha bo‘lib, talabalar shu vaqt ichida ish tajribasini orttirishadi, mehnati evaziga maosh oladi. Ish haqi odatda soatiga 12-15 yevro atrofida bo‘ladi. Dastur asosan 18 yoshdan katta, faol talabalik maqomiga ega bo‘lgan yoshlar uchun mo‘ljallangan. Dasturda bakalavriatning 1-3-bosqich, magistraturaning 1-bosqich hamda doktoranturaning 1-2-bosqich talabalari ishtirok etishi mumkin. Nemis tilini kamida A2 darajasida bilish yetarli.
Germaniya O‘zbekiston fuqarolari uchun har yili muayyan kvotada ish o‘rinlari ajratadi. Bunda talabalar O‘zbekistondagi agentliklar orqali ariza topshirishlari yoki Germaniyadagi ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish orqali mustaqil ravishda qatnashishlari mumkin.
Dunyo katta, imkoniyatlar esa undanda keng. Germaniyaga yo‘l – bu nafaqat sayohat, balki o‘z ustida ishlash, mustaqillikka qadam qo‘yish va hayotni yangi nuqtadan boshlash. FSJ, Au-pair yoki Feriyenjob kabi dasturlar esa ushbu imkoniyatlarni amalga oshirishga yordam beradi. Muhimi, orzu qilish, ma’lumot izlash va dadil harakat qilish kerak.
Shoira XADJIYEVA,
Samarqand davlat chet tillar instituti dotsenti.
Sadoqat PIRIMQULOVA,
institut katta o‘qituvchisi.
Qo‘shimcha ma’lumotlarni quyidagi havolalar orqali topishingiz mumkin:
Au-pair dasturi
https://taschkent.diplo.de/uz-de/service/05-visayeinreise/2446114-2446114
https://www.arbeitsagentur.de/unternehmen/arbeitskrayefte/au-pair
https://www.aupair-sociyety.de/unseremitgliyeder
FSJ dasturi
www.bundes-freiwilligendiyenst.de
Feriyenjob dasturi
https://job-agentur-cb.de/einsatz-auslayendischer-studenten/partner-weltweit/#
Реклама ҳуқуқи асосида