G‘ofil bo‘lmaylik!

Qur’oni karimda bu foniy dunyodagi hayotni insonlarning “imtihon joyi” deb ta’riflagan. Aslida hozirgi dunyo hayoti oxirat saodatiga erishish uchun bir vosita. Yaxshilik ham, yomonlik ham imtihon uchun.
Alloh taolo avvalgi ummatlarini ham turli sinovlardan o‘tkazgan. Shundan so‘nggina rostgo‘ylar yolg‘onchilardan, ya’ni haqiqiy imon sohiblari munofiqlardan ajratilgan.
XXI asrda yashagan bashariyat ham hozirgi kunlarda navbatdagi sinovdan o‘tmoqda. Ushbu murakkab sinovdan eson-omon o‘tish uchun faqat dunyoviy bilimlar yetarli emas. Imkon qadar diniy ilmdan ham xabardor bo‘lishimiz lozim.
Alloh taborak va taoloning sifatlaridan biri – bu sattor sifati. Ushbu so‘z “sin” harfi bilan yoziladi. Asli arabcha lafz bo‘lib, lug‘atda yashiruvchi, berkituvchi, shuningdek, kechiruvchi va afv etuvchi degan ma’nolarni anglatadi.
Aslida Xudovandu olam bandalarning ayb-xatolarini yashirar ekan. Qur’oni karim oyatlaridan birida o‘zganing aybini oshkor qilmaslikka buyurilganmiz. Chunki bu narsa jamiyat a’zolari orasiga adovat soladi. Islom ta’limotiga binoan mayyitni yuvgan g‘assol murdaning jasadidagi ayblarni oshkor qilishga haqli emas. Agar oshkor etsa, gunohkor bo‘ladi.
Xo‘sh, bugun-chi? Hozirgi davrda Islomdan yiroq bo‘lgan ayrim ijtimoiy tarmoqlar “g‘iybat uyasi”ga aylangan. Shunday qiyin vaziyatda tavba-tazarru qilib, Allohdan mag‘firat so‘rash o‘rniga, birovlarning “tirnog‘i osti”dan kir izlash bilan ovora.
O‘zgalar aybini axtarib, butun olamga doston qilib, gunohkor bo‘lgandan ko‘ra, avvalo o‘zimizning aybimizni anglab, nuqsonlarni tuzatishga intilish kerak. “O‘z aybingni ko‘rmaslik nodonlik, tuzatmaslik esa munofiqlik”, degan hikmatli ibora borligini yodda tutaylik.
Sizni ayblab obro‘sizlantirishga urinayotgan, qora niyatli g‘alamislarning kirdikorlaridan aslo ranjimang.
Qur’oni karim oyatida “Ey, Rabbimiz! Bizlarni qiyomat kunida sharmisor qilmagin!”, degan muhim duo mavjud. Shuningdek, muqaddas kitobimizda “G‘ofillardan bo‘lmang!” deya qat’iyan ta’kidlangan. Shunday ekan, g‘aflatda qolib oxiratda sharmanda-yu sharmisor bo‘lmaylik.
Anvar G‘ULOMOV.