"Iste’mol savatchasi"

Xo‘sh, "iste’mol savatchasi" nima o‘zi? Uning mezoni qanday me’yorlar asosida o‘lchanadi?
"Iste’mol savatchasi" deganda bir kishi yoki oilaning me’yor darajasi bo‘yicha iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari va nooziq-ovqat tovarlarining joriy narxlardagi qiymati tushuniladi. Bularga non va non mahsulotlari, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, shakar, kartoshka kabi 13 turdagi guruhlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari kiradi. Shuningdek, oiladagi maishiy texnikalar (muzlatkich, televizor, changyutgich, kir yuvish mashinalari kabilar), uy-joylar, avtoulovlar mavjud yoki mavjud emasligi ham "iste’mol savatchasi"ning asosiy manbasini tashkil etadi. Oilalar daromadlarini hisoblaganda, tomorqadan olinadigan natural ko‘rinishdagi mahsulotlar, chorvachilik mahsulotlari qiymati hamda chet elda ishlab topilgan, norasmiy bandlik (restoranlarda, qurilishlarda) daromadlari ham hisobga olinadi. "Iste’mol savatchasi"ga kiritilgan tovarlar me’yorlarini amalda ularning joriy narxlariga ko‘paytirsak, uning qiymati kelib chiqadi. Bu qiymat insonning yashash minimumi qiymatini tashkil etadi.


Demak, "iste’mol savatchasi" aholi oladigan daromadlar, xarajatlari, narx-navo, uy-joy bilan ta’minlanganligi va shu kabi boshqa jihatlar bilan o‘lchanadi. Aholi hayot darajasi qandayligi esa ana shu "iste’mol savatchasi" asosida o‘rganiladi. 
"Iste’mol savatchasi"ni mamlakatlararo taqqoslashda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi qabul qilingan. Xalqaro valyuta fondi ma’lumotlariga ko‘ra, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM hajmi bo‘yicha O‘zbekiston dunyo reytingida 187 mamlakat o‘rtasida 134-o‘rinda turadi. Lekin aholining hayot darajasini yaxshilash bo‘yicha mamlakatimizda juda katta ishlar qilinmoqda. Mehnat haqi oshirilmoqda, tomorqadan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda, namunaviy loyihalar bo‘yicha uy-joylar qurilmoqda, yo‘llar ta’mirlanmoqda, kommunal soha xizmatlari yaxshilanmoqda. 
Ammo bugungi kunda "iste’mol savatchasi" qiymatiga qarab minimal ish haqi miqdori, kam ta’minlangan oilalar aniqlanib, ularga nafaqa va turli imtiyozlar belgilanishi lozim. Shuning uchun joylarda hokimliklarning iqtisodiy masalalar bilan shug‘ullanadigan xodimlari o‘z hududida "iste’mol savatchasi" qiymatini hisoblab chiqsalar, shunga ko‘ra kam ta’minlangan oilalarga turli imtiyozlar qo‘llansa, ma’qul bo‘ladi. 


Umar XUDOYBERDIYeV,
SamISI dotsenti.