Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jahon sayyohlik shaharlari federatsiyasi (WTCF) joriy yilning aprel oyida Samarqand shahrini a’zo bo‘lganligini ma’lum qilmoqchi

«ITB Berlin – 2019» xalqaro turistik ko‘rgazmasi davom etmoqda. Tadbirning ikkinchi kunida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining raisi vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Aqqulov va Jahon sayyohlik shaharlari federatsiyasi (WTCF) bosh kotibi o‘rinbosari Li Baochun o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmatida ma’lum qilindi.

Uchrashuvda WTCF rahbariyati tomonidan Samarqand shahri federatsiya a’zosi bo‘lganligi ma’lum qilinib, bu haqda rasmiy ma’lumot joriy yil aprel oyida taqdim qilinishi aytildi. 2019 yilning sentyabr oyida Xelsinki shahrida WTCF’ning navbatdagi chiqish sammitida Samarqand shahrining ushbu federatsiyaning to‘laqonli a’zosiga aylangani alohida e’tirof etiladi.

Rasmiy uchrashuvda O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan kelgusida WTCF’ning hududiy tadbirlarini yurtimizdagi tarixiy shaharlardan birida o‘tkazish, shuningdek, kelajakda Samarqand shahrida WTCF’ning yillik sammitini ham o‘tkazish yuzasidan takliflar bildirildi.

Ma’lumot uchun: 2012 yilda Xitoy hukumati tashabbusi bilan Pekin shahrida dunyoning yetakchi sayyohlik shaharlarining hamkorligini yanada yaxshilash va xorijiy tashkilotlar o‘rtasida tajriba almashinuvini kuchaytirish maqsadida Jahon sayyohlik shaharlari federatsiyasi (WTCF) tashkil etilgan. WTCF bugungi kunda 5 ta qit’adagi 69 ta mamlakatni qamrab olgan bo‘lib, 211 ta a’zosi bo‘lgan to‘liq xalqaro turizm tashkiloti hisoblanadi. Federatsiya tarkibiga 140 ta shahar, 71 ta tashkilot va 6 ta filial kiradi. Shu bilan birga, federatsiya ketma-ket to‘rt yildan beri ITB Berlin ko‘rgazmasining asosiy tashkilotchilaridan biri sifatida ishtirok etib kelmoqda.

 

Shu o‘rinda, bu kabi xalqaro tashkilotlarda boshqa tarixiy shaharlarimizning a’zo bo‘lishi va hamkorlikning yaqindan yo‘lga qo‘yilishi mamlakatning sayyohlik salohiyatining keng targ‘ib qilinishiga va ilg‘or shaharlar tajribasidan o‘z vaqtida va samarali foydalanib borilishiga zamin yaratadi.