Kecha 3 ochkoni boy bergan “Sherdor” endi “Xorazm”ga qarshi o‘ynaydi

11 aprel kuni O‘zbekiston PRO ligasining 2-tur doirasida Samarqandning “Sherdor” jamoasi o‘z uyida Toshkent viloyatining “Nurafshon” jamoasini qabul qildi. Uchrashuv keskin kurashlarga boy bo‘ldi.

Dastlabki daqiqalardyoq samarqandlik futbolchilar keskin hujumlarga e’tibor qaratib, raqib darvozasi oldida bir qator xavfli vaziyatlar yaratdi. Biroq, ikki bor qilingan qarshi hujumda mehmonlar hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi.

Dastlab, 15-daqiqada “Sherdor” himoyachilarining qo‘pol xatosidan so‘ng mehmonlar futbolchisi Elbek Ravshanov hisobni ochgan bo‘lsa, oradan uch daqiqa o‘tib Farrux Shotursunov oradagi farqni 0:2 ko‘rinishiga olib keldi.

O‘tkazib yuborilgan ikkita tezkor goldan so‘ng “Sherdor” futbolchilari bor e’tiborini hujumga qaratdi. Birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqalarida, aniqrog‘i 44-daqiqada Muni Mirmuhsin Yusupovning burchakdan uzatib bergan to‘pini Farzin Muxtorov bosh bilan raqib darvozasiga joylab qo‘ydi. 1:2.

Ikkinchi taymda ham “Sherdor” bor e’tiborini hujumga qaratib, hisobni tenglashtirish uchun qator xavfli vaziyatlarni vujudga keltirdi. Yaratilgan vaziyatlarda “Nurafshon” himoyachilarining aniq harakati va darvozabonning mahorati jamoani muqarrar gollardan saqlab qoldi.

Nihoyat, “Sherdor”ning 72-daqiqada amalga oshirgan hujumi o‘z samarasini berdi. “Sherdor” himoyachisi Furqat Raxmonovning chamasi 35 metrlardan yo‘llagan zarbasini “Nurafshon” darvozaboni Ravshanbek Yagudin qaytarishga ojizlik qildi. 2:2.

Hisobni tenglashtirgan samarqandlik futbolchilar dastlabki o‘yinda qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritish uchun bor kuchi-g‘ayrati bilan hujumlar uyushtirishdi. Biroq, yaratilgan vaziyatlarni golga aylantirishda noaniqlikka yo‘l qo‘yishdi.

O‘yinning 81-daqiqasida “Sherdor” himoyachilarining tajribasizligi jamoaga qimmatga tushdi. “Nurafshon” jamoasining o‘ng qatondan uyushtirilgan hujumi golga aylandi. 2:3.

O‘yinning qolgan daqiqalarida “Sherdor” futbolchilari hisobni tenglashtirish uchun bir qator hujumlarni amalga oshirgan bo‘lsada, uchrashuv yakunida 2:3 natijasi o‘zgarmay qoldi. Shu tariqa “Sherdor” ikkinchi turda qimmatli uch ochkoni boy berdi.
 

Farhod NORBO‘TAYeV, «Sherdor» FK matbuot kotibi.