Kimlar avf etildi, nega?: Kutilgan savollarga kutilmagan javob
Odatda Konstitutsiyadagi 109-moddaga ko‘pam e’tibor qilinmaydi. Vaholanki, unda juda muhim masalalar belgilangan. Aslida Asosiy qonunning ushbu modda o‘rin olgan XIX bobida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolati, huquqlari va boshqa masalalar qayd qilingan. 109-moddaning 23 bandidan esa davlat rahbari “... O‘zbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etadi” , degan tartibni bilib olishimiz mumkin.
E’tibor qiling, Isroil bosh vaziri o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlar uchun mamlakat prezidentidan afv so‘rayapti. Ya’ni, hali sud qarori chiqmasdan qilmishi uchun jazolanmaslikni so‘rayapti. Ammo bizning Konstitutsiyamizga ko‘ra, afv etish sudlarimiz tomonidan hukm qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.
Albatta, yaqinda Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan Prezidentimiz 615 nafar mahkumlarni afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolaganidan ko‘pchilik xabardor. Masala shundaki, ayrim kishilar bu kechirimlilikni butunlay jazodan ozod etish, deb tushunmoqda. Shu sabab ayrimlarda "Jinoyatchilar nega ozod qilib yuborilmoqda?", degan savol tug‘ilmoqda. O‘zi, umuman, Prezident qanday jinoyatchilarni afv qiladi, degan tushunmovchilik ham yo‘q emas.
Ma’lumot o‘rnida...
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 7 dekabrdagi “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘ligi qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan viloyatimiz bo‘yicha 54 nafar shaxslarga nisbatan afv tadbiq etilgan.
Ushbu shaxslarning 26 nafari (20 nafari probatsiyadan, 6 nafari jazoni ijro etish muassasasi - JIEMdan) asosiy jazodan to‘liq ozod etilgan, 14 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 14 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo (axloq tuzatish ishlari) bilan almashtirilgan.
Afv etilganlarning 2 nafarini ayollar (1 nafar probatsiyadan, 1 nafari JIEMdan), 3 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 20 nafarini yoshlar (9 ta probatsiya, 11 ta JIEM) hamda 1 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etgan.
Bizningcha, shu faktlarning o‘ziyoq afvning mohiyati, jamiyat hayotidagi ahamiyati haqida aniq tasavvur beradi. Shunday bo‘lsa-da, aytish o‘tish lozim afv muayyan mahkumga nisbatan individual tartibda amalga oshiriladi. Bu uni oqlaydigan va u tomonidan jinoyat sodir etganlik faktini bartaraf qiladigan holat hisoblanmaydi. Afv etish - mahkumni jazodan to‘liq yoki qisman ozod etadigan yoki sud tomonidan tayinlangan jazoni boshqa yengilroq jazo bilan almashtiradigan yoxud sudlanganlikni olib tashlaydigan insonparvarlik akti hisoblanadi.
Prezident vakolati yoki iltimosnoma
Yuqorida aytilganidek, afv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolati. Uni qonun doirasida amalga oshirish uchun 2018 yil 8 maydagi farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.
Qoidaga ko‘ra, dastlab mahkum yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs, shuningdek, qonun hujjatlari bilan afv etish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish huquqi berilgan shaxs (organ)lar tomonidan Prezident nomiga yozma shaklda iltimosnoma beriladi.
Iltimosnoma:
- jazoni ijro etish muassasasining ma’muriyati yoki hukmni ijro etuvchi boshqa organ tomonidan;
- sudlanganlikni olib tashlash bo‘yicha afv etish to‘g‘risidagi iltimosnoma berilgan hollarda mustaqil ravishda yuboriladi.
10 kunda ko‘rib chiqiladi
Iltimosnomalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-kengash organi hisoblangan Komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalarining fuqarolik va afv etish shu’basi Komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
Shu’ba o‘rganish natijalari bo‘yicha afv etish to‘g‘risidagi iltimosnoma kelib tushgan kundan boshlab 10 kun davomida:
- iltimosnomani belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun qabul qiladi;
- agar hujjatlarni berishda yoki rasmiylashtirishda ushbu Nizom talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, iltimosnomani ko‘rib chiqish uchun qabul qilishni rad etadi va iltimosnomani u kelgan organga yoxud uni yuborgan shaxsga qaytaradi. Bunda afv etish to‘g‘risidagi iltimosnoma aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgandan keyin, u qaytarilgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmasdan takroran taqdim etilishi mumkin.
Iltimosnomani Komissiya tomonidan ko‘rib chiqish muddati iltimosnoma kelib tushgan kundan boshlab 3 oydan oshmasligi lozim.
Nimalar e’tiborga olinadi?
Iltimosnomani ko‘rib chiqishda:
- sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi;
- jazoni o‘tash yoki ijro etish vaqtida mahkumning xulq-atvori (tuzalishi);
- o‘talgan (ijro etilgan) jazo muddati (hajmi);
- mahkumga nisbatan muqaddam amnistiya akti, afv etish qo‘llanilganligi yoki jazodan muddatidan ilgari shartli ozod etilganligi, jazoning yengilroq jazo bilan almashtirilganligi;
- jinoyat oqibatida yetkazilgan zararning qoplanganligi;
- mahkumning shaxsi, sog‘lig‘i holati, sudlanganligi, oilaviy ahvoli va yoshi;
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi va Davlat xavfsizlik xizmatining xulosalari;
- Komissiya iltimosnomani ko‘rib chiqish uchun muhim deb hisoblagan boshqa holatlar.
Iltimosnoma ijobiy ko‘rib chiqilganda, Komissiya Prezidentga taklif kiritadi. Rad etilganda, shu’ba bu haqda 1 kun davomida iltimosnoma bergan shaxsni xabardor qilish uchun iltimosnoma kelib tushgan organga yoki iltimosnomani mustaqil ravishda yuborgan shaxsga xabar beradi.
Yo.Marqayev tayyorladi.