Kimlarga subsidiya beriladi?

Prezidentimiz 2020 yil 7 dekabrda “Ipoteka krediti mexanizmlarini yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” farmon qabul qildi.

Farmonga asosan xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan xonalarga bo‘linmagan holda qurilgan kvartiralarni sotib olish uchun beriladigan ipoteka kreditlarining cheklangan miqdori belgilandi:

Toshkent shahrida maydoni 60 kvadrat metrgacha bo‘lgan kvartiralar uchun 264 million so‘m, maydoni 60 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan uy-joylar uchun 352 million so‘m miqdorda mablag‘ ajratiladi. Boshqa hududlarda maydoni 60 kvadrat metrgacha bo‘lgan kvartiralar uchun 240 million so‘m, maydoni undan ortiq bo‘lganlari uchun 320 million so‘mgacha ipoteka beriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi qaroriga o‘zgartish kiritilib, subsidiya olish uchun ariza topshirish muddati 2020 yil 31 dekabrga qadar, to‘lov muddati 2021 yil 1 iyulga qadar uzaytirildi. Subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchining daromadlariga endi boshqa shaxslar daromadlari ham kiritilishi mumkin. 

Xo‘sh, subsidiya o‘zi nima? 

Ipoteka subsidiyasi – ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olish uchun boshlang‘ich badal va kredit foizining bir qismini qoplash maqsadida davlat byudjetidan fuqaroga beriladigan mablag‘ hisoblanadi. 

 Subsidiya mablag‘lari kam ta’minlangan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, subsidiyalar bir oilaga (oila a’zolarining bittasiga) faqat birlamchi bozordan sotib olinadigan uy-joylar uchun 1 marta beriladi. Bunda boshlang‘ich badal uchun beriladigan subsidiya miqdori uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida, qishloq va shaharlarda birinchi 5 yil davomida ipoteka krediti uchun foiz to‘lovlarini qoplash uchun 10 foizdan, Toshkent shahrida 12 foizdan oshgan qismi uchun har oyning 25-sanasigacha beriladi. 

Subsidiya olish uchun ariza topshirgan shaxs so‘rovini ko‘rib chiqish uy-joy sotib olish uchun subsidiya to‘lanadigan shaxslarni tanlash jarayonida ma’lumotlar istisno tariqasida bepul amalga oshiriladi. Subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnoma kalendar yil yakuniga qadar amal qiladi. Ijtimoiy mezonlar bo‘yicha baholash natijalariga ko‘ra 30 va undan yuqori ball to‘plagan, lekin joriy yil uchun belgilangan subsidiyalar soni tugaganligi sababli subsidiya olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan talabgorlar keyingi yil uchun subsidiya oluvchilar ro‘yxatiga avtomatik tarzda kiritiladi. 

Shuningdek, xorijiy davlatda mehnat migratining oila a’zolari uning nomidan subsidiya olish to‘g‘risida faqat birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ariza topshirishlari mumkin. Agarda ilgari imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda uy-joy xarid qilgan oila a’zolarining subsidiya olish uchun takroran qilgan murojaati rad etiladi. Potensial qarz oluvchilarga o‘rnatilgan muvofiqlik mezonlariga javob beradigan, qarz yuki ko‘rsatkichi 70 foizdan yuqori bo‘lmagan, ipoteka kreditini ajratishni ko‘rib chiqish vaqtida kredit tashkilotlaridan avvalgi olingan kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklari mavjud bo‘lmagan shaxslar yangi tartib asosida ipoteka kreditlari olishi mumkin.

Davlat xizmatlari markazi viloyat boshqarmasi axborot xizmati.