Samarqandda 69 ta qizil toifali maktablar bor

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan jurnalist va blogerlar uchun Toyloq tumanidagi maktablarga press-tur tashkil qilindi.
Tadbir qizil va yashil toifadagi maktablar faoliyati bilan tanishish, yutuq va kamchiliklarni muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Dastlab tumandagi 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyati bilan tanishildi. Maktabga joriy yilda 240 o‘rinli qo‘shimcha bino qurib berilgan. Ammo maktab o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar bo‘yicha qizil toifadagi maktablar qatoriga tushib qolgan.
O‘qituvchilarning qo‘nimsizligi tufayli maktabimiz qizil toifaga tushib qoldi, - deydi maktab direktori Shahlo Eshonqulova. – O‘tgan o‘quv yilida 18 nafar bitiruvchimizdan 2 nafari davlat, 3 nafari xususiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Bu yilgi bitiruvchilarimizning 50 foizi milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, maktabimizda 28 nafar pedagog bo‘lib, ulardan oliy toifali o‘qituvchilarimiz soni 5 nafar, 1-toifali o‘qituvchilarimiz soni 10 nafarga yetdi. Nasib bo‘lsa bu yil qizil toifadagi maktablar qatoridan chiqamiz.
Press-turda tumandagi yashil maktab toifasiga kiruvchi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyati bilan ham tanishildi. 1909 nafar o‘quvchi tahsil oladigan ushbu maktab tumanda o‘z ko‘rsatkichlari bilan yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Masalan, 2023-2024 o‘quv yilida 59 nafar bitiruvchidan 42 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.
- Bu yil maktabni 72 nafar o‘quvchi bitiradi, - deydi direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sayfulloxon Temirxonov. – Ulardan 30 nafarida milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlar bor. Yanayam quvonarlisi, shu yilgi bitiruvchilarimizdan 3 nafari Amerika Qo‘shma Shtatlari oliy ta’lim muassasalariga grant asosida o‘qishga kirdi. Shuningdek, 8 nafar ingliz tili, 9 nafar rus tili, 3 nafar informatika fani o‘qituvchilarida ham o‘z fani bo‘yicha sertifikatlari bo‘lib, 13 million so‘mgacha maosh oladi.
Bundan tashqari, maktab o‘quvchilari turli tanlovlarda, fan olimpiadalarida ham faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Tadbirda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov jurnalist va blogerlarga “Qizil va yashil maktablar: kamchilik va yutuqlar” mavzusida taqdimot o‘tkazdi.
Taqdimotda sohada yig‘ilib qolgan muammo va kamchiliklar ro‘yi-rost aytildi. Qizil maktab toifasidan chiqmayotgan ta’lim dargohlari muhokama qilindi. Masalan, 2022 yilda qizil toifali maktablar soni 82 ta bo‘lsa, 2023 yilda ham ushbu raqam o‘zgarmagan. 2024 yilda qizil toifali maktablar soni 69 tani tashkil qilgan.
Shuningdek, 2024 yilda viloyatda 26 ta maktab bitiruvchilari umuman oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirolmagan.
Bundan tashqari, 2022 yilda 87 nafar, 2023 yilda 55 nafar, 2024 yilda 43 nafar o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonida 56,7 balldan past ball to‘plagan.
- Bu tizimda kamchiliklar bilan birga yutuqlarimiz ham bor, - dedi boshqarma boshlig‘i Muzaffar Hamdamov. – Ammo yaxshi natijalarni tuman rahbarlari ko‘rsatib berolmagan. Masalan, Qo‘shrabot tumanining og‘ir ahvoldagi olis maktablarida bo‘ldim. U yerda qilingan ishlar bizgacha yetib kelmagan. Masalan, olis maktablarga boshqa viloyatlardan o‘qituvchilar jalb etilgan. Homiylar tomonidan maktab binosi kapital ta’mirlab berilgan.
Taqdimotda boshqarma boshlig‘i maktablarni qanday qilib qizil hududdan chiqarish chora-tadbirlari haqida to‘xtaldi.
Xurshida ERNAZAROVA.