Tuhmat bilan qamalgan sud raisi oqlandi

Tarozisining bir pallasida qonun, ikkinchi pallasida inson taqdiri turadigan sudyalar faoliyati juda murakkab va o‘ta mas’uliyatli ish hisoblanadi.

Zafar Ataqulov huquq ilmini puxta egallab, sud sohasida ish boshlaganida yosh bo‘lishiga qaramay, ancha-muncha bilim va ko‘nikmaga ega edi. Shuning uchun ikki yil Jomboy tumani sudi sudyasi bo‘lib ishlaganidan so‘ng 1992 yilda, 32 yoshida uni shu sud raisi lavozimiga loyiq ko‘rishdi. Va u 10 yil sud raisi sifatida adolat tarozisini mustahkam ushladi. Ammo kimlargadir uning o‘rni kerak bo‘ldimi yoki ba’zilarning manfaatiga zid ish qildimi, uni pora olganlikda ayblab, nafaqat ishdan chetlatishdi, balki obro‘-e’tibori, sha’niga ham putur yetkazishdi.

Egri daraxtning soyasi to‘g‘ri bo‘lmaydi

Bu oilaning nikohini bekor qilish va mol-mulkini bo‘lib berish sudiga ham Zafar Ataqulov raislik qilgandi. Ushbu ish jarayonida parokanda bo‘layotgan oiladagi bolalar ona bilan emas, ota bilan yashashlarini bildirishgandi va sud shunday qaror qabul qilgandi. Tabiiyki, bu onaga og‘ir botdi. Lekin nachora, bolalarning o‘zi shuni istadi, adolat tarozisi posangisi ota va bolalar tomonni bosdi. Ana o‘shanda onaning qalbida sudyaga nisbatan kek paydo bo‘ldimi yoki adovatmi bu yillar o‘tgani sayin kuchayib boraverdi.

Oradan 6-7 yil o‘tib shu oilada o‘sgan, bir vaqtlar onasidan yuz o‘girgan o‘g‘il taqiqlangan diniy tashkilotga a’zo bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishda ayblandi va unga hukm o‘qish yana Z.Ataqulov chekiga tushdi. Sudya har bir holatni adolatli baholadi, hech kim unga iltimos yoki tazyiq o‘tkazmadi, uning ishiga aralashmadi. 2000 yil 15 avgustda sud hukm o‘qidi – noqobil o‘g‘il 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Lekin sudlangan tomon bu hukmdan norozi bo‘lib, kassatsiya shikoyati berishga qaror qildi. Bu jarayonda ham sud tomonidan tegishli hujjatlar tayyorlandi.

Ona uchun farzand qobil va noqobilmi, yosh yoki kattami, baribir bola, yuragining bir parchasi. Bu ona ham farzandi uchun hamma narsaga tayyor edi. U  11 sentyabr kuni sud binosiga kelib, rais huzuriga kirdi va o‘g‘lining ishi bilan bog‘liq hujjatlar qachon viloyatga yuborilishini so‘radi.

Hammasi uyushtirilgani boshidan ma’lum edi

– 2000 yil 7 sentyabr kuni kassatsiya shikoyatini rasmiylashtirib, viloyat sudiga yuborish uchun kotibga berdim, xat ham tayyor edi, ammo tuman prokurori yordamchisi muzokara so‘zini taqdim etmagani uchun jinoyat ishini viloyat sudiga yubora olmay turgandik, – deb o‘sha holatni eslaydi Zafar Ataqulov. – 11 sentyabr kuni tushlikdan keyin xonamga kelib o‘tirganimda, sudlangan shaxsning onasi kirib keldi. Salom-alikdan so‘ng o‘g‘lining ishi bo‘yicha sud hujjatlarini qachon viloyatga yuborishimni so‘radi. Kotibni chaqirmay o‘zim o‘rnimdan turib, qabulxona chiqdim va hujjatlar tayyor bo‘lsa, viloyat sudiga yuborishni unga tayinladim. Shu payt ortimdan ayol ham xonamdan chiqdi va unga qog‘ozlar ertaga jo‘natilishini aytdim. U rahmat aytib, qo‘l uzatib ko‘rishdi-yu chiqib ketdi. Keyin men yana xonamga kirib, o‘z ishlarim bilan mashg‘ul bo‘ldim. Birozdan so‘ng bir necha kishi kirib, o‘zlarini MXX va prokuratura xodimlari deb tanishtirib, meni pora olganlikda ayblashdan va ayoldan olgan pullarni o‘z ixtiyorim bilan chiqarishimni so‘rashdi. Tabiiyki, hech qanday pul olmaganimni aytdim. Keyin ularning o‘zi cho‘ntaklarimni kovladi, ish stolim usti va tortmalarini ko‘rdi – aytilgan pul chiqmadi. Shunda tergov guruhi boshlig‘i xodimlaridan biriga “so‘rab chiq, qayerga qo‘yibdi” dedi. Bir pasdan keyin xodim chiqib “gazeta ostida ekan” dedi va ular ish stolimdagi gazetalar ostidan 5 dona 100 AQSh dollari olib, qo‘llarim va kiyimlarimni maxsus yoritgich bilan tekshirishdi. Bayonnoma tuzib, imzolashimni talab qilishdi. Men esa pul olmaganman, deb qo‘l qo‘ydim. Lekin o‘sha paytda ham, keyinchalik tergov jarayonlarida ham bu hisobga olinmadi. Go‘yoki men bu pullarni jinoyat ishi kassatsiya tartibida viloyat sudida ko‘rilganda hukm og‘irlashtiruvchi tomonga o‘zgartirilmasligi uchun olgan emishman. Tergov jarayonida mendan mansabdor shaxslardan biriga pora berganlik to‘g‘risida ham ko‘rgazma olishga harakat qilishdi, buning uchun o‘zlari tuzgan bayonnomalarga qo‘l qo‘yishga majburlashdi, lekin men bunga rozi bo‘lmadim.

Xullas, turli yo‘llar bilan bo‘lsa-da  Zafar Ataqulov bo‘yniga pora olganlik aybini “ilintirish” lozim edi.  Voqeadan ikki hafta oldin  ayol tomonidan go‘yoki advokatlar  va sudya pora so‘raganligi haqida og‘zaki murojaat olinadi. Shu kunning o‘zida  hech qanday  surishtiruv o‘tkazilmasdan  respublika Bosh prokurori tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Bunday holatda qanday yo‘l bilan bo‘lmasin tadbir o‘tkazilishi lozim edi. Oldin advokatlarni pora bilan ushlash va ular orqali Ataqulovni ilintirish tadbiri o‘tkaziladi, ammo bu amalga oshmaydi. Shundan keyin, ayolning o‘zi yordamida Ataqulovga qarshi qonunsiz tadbir o‘tkaziladi va uning bo‘yniga pora olganlik aybi “ilinadi”.

Garchi tergov jarayonida ayol va sud raisi o‘rtasidagi suhbat matnlarida pul oldi-berdisi haqida hech qanday gap-so‘z yo‘qligi, ayol pul miqdorini bir gal 500 ming so‘m (o‘sha paytda bu pul 3000 AQSh dollariga to‘g‘ri kelgan), boshqa safar 500 AQSh dollari deb aytib, pora berish motivini esa go‘yoki “prokuror kiritgan protestni olish uchun”, “prokuror protest keltirmasligi uchun”, “viloyat sudida hukmni kuchida qoldirish uchun” deb sabablarni turlicha ko‘rsatgan bo‘lsa-da, bunga e’tibor qaratilmaydi. Sud raisini pora olayotganda ushlash tadbiri materiallari ham shoshma-shosharlik bilan, ko‘plab kamchiliklar yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgani ham e’tibordan chetda qoladi.

Reja amalga oshdi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati sudining 2001 yil 10 maydagi hukmiga ko‘ra, Zafar Ataqulov Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan mol-mulkining ikkidan bir qismi davlat foydasiga musodara qilingan holda Jinoyat kodeksining 57-moddasiga asosan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. Bu hukm yuzasidan shikoyat berilgach, jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati sudining 2001 yil 2 avgustdagi ajrimi bilan hukm o‘zgartirilib, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bo‘ldi, shu bilan sud raisi “yemagan somsa uchun pul to‘ladi” – belgilangan jazo muddatini o‘tadi.

Vaqt hamma narsada davo, deyishadi. To‘g‘ri, jazo muddati o‘tdi, u ozodlikka chiqib, oilasi bag‘riga qaytdi.

24 yildan so‘ng adolat qaror topdi

Zafar Ataqulovni o‘zi adolat himoyachisi bo‘lsa-da adolat buzilgani, uning sha’ni, qadr-qimmatiga putur yetkazilgani qalbini og‘ritardi. Bu orada mamlakat rahbariyati va huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatidagi o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bir vaqtlar ma’lum bir shaxslarning ko‘rsatmasi bilangina nohaq ayblangan insonlar oqlanib, qadr-qimmati joyiga qo‘yildi.

Mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash va adolat o‘rnatishdagi bu sa’y-harakat va imkoniyatlar tufayli Zafar Ataqulov ham Oliy sudga murojaat qildi. 2021-2022 yillarda ish Oliy sudning kassatsiya, apellyasiya instansiyalarida ko‘rildi. Va nihoyat shu yilning 14 fevral kuni Jizzax viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining ochiq sud majlisida jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati sudining 2001 yil 10 maydagi hukmi bekor qilinib, Zafar Ataqulov aybsiz deb topildi va oqlandi. Oradan 24 yil o‘tib adolat qaror topdi.

– Qora kunlar ortda qoldi-ku, yana yugur-yugur qilishdan nima naf, deydiganlar ham bo‘ldi, – deydi Zafar Ataqulov. – To‘g‘ri, u kunlar o‘tdi, lekin o‘sha paytlarda kun emas, har lahzada nohaq jazolanganim, adolatning oyoq osti bo‘lganidan aziyat chekkanman. Shukrki, Shavkat Mirziyoyevning davlat tepasiga kelishi bilan eski tizim o‘zgardi, har kimga o‘z o‘rni ko‘rsatib qo‘yildi. Xalqimiz hayoti qanchalik o‘zgargani, inson qadri ulug‘lanayotgani haqida gapirib o‘tirmayman, bu haqda qancha gapirsak, shukrona aytsak oz. Qolaversa, buni har birimiz o‘z hayotimizda ko‘ryapmiz, xalqaro maydonda ham bu jarayonlar munosib e’tirof etilmoqda. Aytmoqchi bo‘lganim – Prezidentimizning oqilona davlat siyosati tufayli men kabi o‘zlab insonlar oqlandi, toptalgan sha’ni tiklandi. Men ham sudya edim, O‘zbekiston Respublikasi nomidan hukm o‘qiganman. Har gal ana shu jumlalarni o‘qiyoganimda vijdonimga quloq tutganman va doim qonun, adolatni ustuvor tutganman. Kun kelib, o‘zimga nisbatan hukm o‘qilmasligi uchun ham shunday yo‘l tutganman. Xudoga shukr, kech bo‘lsa ham adolat qaror topganidan, oqlanganimdan xursandman.

J.Hasanov.