Odamlar ikki soatlik dabdaba uchun yillab ishlashga tayyor(mi?)

“– Nechta qo‘y oldingiz?
– Bitta qo‘zi.
– Ovozingizni o‘chiring.
– Ha, o‘nta qo‘y nima bo‘ladi?...”
1960 yilda suratga olingan “Mahallada duv-duv gap filmi oradan shuncha vaqt o‘tsa ham dolzarbligini yo‘qotmagan.
Bugungi kunda to‘y-hashamlarda ortiqcha xarajat va dabdaba ortsa-ortyaptiki, kamaygani yo‘q. Ayni shu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, to‘ylarni ixchamlashtirish, ortiqcha dabdababozlikning oldini olish borasida me’yorlar belgilandi. Biroq bu ishlar qog‘ozda qolib ketdi.
Jamiyatimizda shunday odamlar borki, topgan tutganini farzandini o‘qitish, kasb-hunarli qilishga sarflaydi. Aksincha, yana shunday toifa odamlar borki, ming azobda pul topib, mashina oladi, dabdabali to‘y qiladi va eng zo‘r xonandalarni chaqirib, yillab ishlagan pulini ikki soatda sovurib yuboradi. Qarzga botib, uni uzish uchun kuyib-pishib yana ishlaydi va kosasi oqarmay o‘tadi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir kishi ukasining nikoh to‘yiga Hamdam degan qo‘shiqchini olib kelish uchun tinmay mehnat qilayotganini yozibdi. “Hamdamni ukamning to‘yiga chaqirish uchun mehnat qilyapman, oz qoldi, Xudo xohlasa. Hech esimdan chiqmaydi, shu qo‘shiqchini ukamning to‘yiga olib kelaman deganimda “burningni suvini art, senga emas” degan insonlar uchun ham mehnat qilyapman oz qoldi, juda oz” deb yozadi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
To‘g‘ri, hammaning ham orzu-havasi bor, lekin bir kunlik to‘y yoki ikki soatlik dabdaba uchun yillab qiynalish qanchalik to‘g‘ri? Biz, o‘zbeklar juda oriyatli, g‘ururli xalqmizda. “Pul ketsa ketsin, obro‘ ketmasin” deb aynan bizlarga qarata aytilgan. Shukur Xolmirzayevning “O‘zbeklar” hikoyasida o‘zbeklarning ana shu fe’li haqida gap ketadi. Ya’ni, o‘zi jo‘jabirday cho‘pon oilasi boshqalarga faqirligini ko‘rsatishdan or qiladi. Hatto oyda yemaydiganini bir kunda uyiga kelgan mehmonlarga to‘kib beradi.
Afsuski, hech vaqomiz bo‘lmasa ham to‘y-hashamlarda kimo‘zarchilik, dabdabozlik qon-qonimizga singib ketgan. Masalan, kimdir to‘y boshlashi bilan masalahat oshidan to‘y bo‘ladigan kungacha yig‘ilishlar, bordi-keldilar kunlab, ba’zan haftalab davom etadi. Yana to‘yxonalar qimmat, har bir o‘ringa, xonandalarga falon ming so‘mdan xarajat, sarpo-salom va hokazo. Biroq “Qalovini topsang qor ham yonadi”, deganlaridek, dabdali to‘ylarni ham nazoratga olayotganlar bor.
Yaqin kunlargacha qishlog‘imizda ming o‘rinli to‘ylar o‘tkazilardi. To‘ylar xoh uyda, xoh bazmgohda bo‘lsin, barcha birdek aytilardi. Ya’ni bitta to‘yga har bir oiladan uch-to‘rt kishigacha borardi. Buning ustiga qo‘shni qishlog‘u chekka hududlardan ham mehmonlar taklif etilardi. Og‘izga tushgan bu to‘ylarimizni mahalla faollari va oqsoqollari tartibga solishdi.
– Keyingi paytda to‘ylarimiz dabdababozlik, ortiqcha xarajat va isrofgarchilikdan boshqa narsa bo‘lmay qolgandi, – deydi Urgut tumanidagi Ipak yo‘li mahallasi raisi Ma’mur Shodiyev. – Ayniqsa, o‘ziga to‘q oilalarning dang‘illama to‘y qilayotgani, boshqalarning bunga imkoni bo‘lmasa-da, farzandlarini tengqurlaridan kam qilmaslik uchun dabdabali to‘y qilishga chiranayotgani ko‘pchilikni og‘ir ahvolga tushirib qo‘ydi. Mahallamiz ahli bilan kelishib, to‘yga faqat taklifnoma orqali ko‘pi bilan uch yuz kishi chaqirishga, dasturxonga tortiladigan noz-ne’matlarni ham me’yorida qo‘yishga kelishib oldik. Albatta, xorijda ishlaydigan va yuqori mansabda faoliyat yurtayotgan fuqarolarimiz qarshilik ko‘rsatgan vaqtlari bo‘ldi. Ammo yoshi ulug‘ nuroniylarmiz bilan maqsadga elga to‘y berish bo‘lsa, mahallamizdagi kam ta’minlangan oila farzandlarini to‘yini o‘tkazishda va qiynalib qolgan oilalarning kam-ko‘stini to‘ldirib berishda yordam berishlarini tushuntirdik. Mana, ikki yildirki, bu an’ana davom etib kelyapti.
Mahallada kamchiqim to‘y qilib, orttirgan puliga uy qurgan, sharoitini yaxshilab o‘g‘il-qizini o‘qitayotganlarni ko‘raman. Demak, to‘ylarni ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliksiz ham o‘tkazsa bo‘lar ekan. Buning uchun mahalla faollari, ko‘pni ko‘rgan yoshi ulug‘larimiz tashabbus ko‘rsatishi, birikib odamlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi kerak.
Fazliddin Ro‘ziboyev.