Madaniy immunitet - yoshlar ma’naviy barqarorligining poydevori

Bugungi globallashuv va axborot oqimi keskin kuchaygan davrda talaba-yoshlar turli madaniy, g‘oyaviy va axboriy ta’sirlar muhitida yashamoqda. Bunday sharoitda yoshlarning ongli tanlov qila olishi, turli qarashlarni tanqidiy baholashi hamda o‘z milliy va umuminsoniy qadriyatlariga tayangan holda pozitsiya bildira olishi muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan shu jihatlar “madaniy immunitet” tushunchasining mazmunini belgilab beradi.

Madaniy immunitet - bu begona madaniyatdan chekinish emas, balki turli madaniy ta’sirlarni anglab, tahlil qilib, o‘z qadriyatlari asosida qabul qila olish qobiliyatidir. Bu jarayon, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarida dolzarb, chunki talabalik davrida shaxsning dunyoqarashi, ma’naviy qarashlari va hayotiy pozitsiyasi shakllanadi.

Pedagogik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, madaniy immunitetni rivojlantirishda umumiy tarbiyaviy usullar yetarli samara bermaydi. Bu jarayonda individual yondashuv muhim o‘rin tutadi. Har bir talabaning shaxsiy tajribasi, qiziqishlari, fikrlash tarzi va madaniy qarashlari inobatga olingan holda tashkil etilgan ijtimoiy-pedagogik faoliyat samaraliroq natija beradi. Shu nuqtai nazardan, Lev Vegotskiyning ijtimoiy-madaniy rivojlanish nazariyasida shaxs kamoloti ijtimoiy muhit va muloqot orqali shakllanishi ilmiy asoslab berilgan.

Individual yondashuvga asoslangan strategiyalar talabalarni madaniy-axboriy xatarlarni tahlil qilishga, mustaqil fikr yuritishga, refleksiv mulohaza qilishga va ijtimoiy vaziyatlarda ongli qaror qabul qilishga yo‘naltiradi. Munozaralar, rolli o‘yinlar, tahliliy vaziyatlar, loyiha ishlari va ijtimoiy tashabbuslar orqali talaba nafaqat bilim oladi, balki madaniy xatti-harakatni amaliy jihatdan namoyon etishni ham o‘rganadi.

Ko‘pmadaniyatli ijtimoiy muhitga ega O‘zbekistonda bunday yondashuv uchun tabiiy pedagogik sharoit mavjud. Turli millat va elat vakillari bilan muloqot, boy tarixiy-madaniy meros bilan tanishish, ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etish yoshlarning madaniy tafakkurini boyitadi va ularni ma’naviy jihatdan mustahkamlaydi.

Demak, madaniy immunitetni rivojlantirish - bu yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilish emas, balki ularni ongli, tanqidiy fikrlaydigan, o‘z qadriyatlariga tayanadigan va turli madaniyatlar bilan muloqot qila oladigan shaxs sifatida tarbiyalashdir. Individual yondashuvga asoslangan ijtimoiy-pedagogik strategiyalar esa bu jarayonning eng samarali yo‘lini ko‘rsatib beradi.

D.Begmatova,

professor.